Bugungi kunda “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi 70 yaqin korxonaning deyarli yarmida maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Avvallari mahsulotlar import qilingan boʻlsa, hozirda ularning asosiy qismi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Ular Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Latviya, Gruziya, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi oʻndan ortiq davlatlarga eksport qilinmoqda.
Yaqinda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Rossiya hududlararo hamkorlik forumi doirasida “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Rossiyaning nufuzli kompaniyalari bilan toʻrtta investitsion kelishuv hamda kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalar oʻrtasida kabel-oʻtkazgich mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha umumiy qiymati 10 million dollarlik shartnoma imzolandi.
– Bu joriy yildagi kelishuvlardan biri xalos, – deydi “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisining oʻrinbosari Umid Islam. – Biz xalqaro hamkorlik doirasida jahonga mashhur brendlar bilan turli yoʻnalishlarda anglashuv memorandumlari, ikki tomonlama kelishuvlarga erishmoqdamiz. Misol uchun, maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish maqsadida Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri “Haier Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda tegishli marketing oʻrganishlar va muzokaralar olib bordik. Oʻrganishlar natijasida “Haitech” brendi (HAIER sub-markasi) ostida zamonaviy televizorlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuqori texnologik va import oʻrnini bosuvchi radio aloqa moslamalarini va radio uskunalarini ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Oʻzelektroapparat-Elektroщit“ jamiyati dunyoda radioaloqa vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi oʻrinlarni egallovchi Xitoyning “Hytera Communications Corporation Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 20,0 ming dona radio aloqa vositalarini ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan.
2018-2021 yillarda hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturlari doirasida mahalliy tadbirkorlarni jalb qilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bir qator yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish belgilab olingan.
Xususan, elektrotexnika yoʻnalishi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida umumiy qiymati 731,2 milliard soʻmlik 43 ta yangi loyiha amalga oshiriladi. Bu esa bir yarim mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratishda qoʻl keladi.
Mazkur loyihalar doirasida yangi elektrotexnika va maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi, jumladan “Samsung” kompaniyasi texnik hamkorligida zamonaviy televizorlar ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, elektr shkaf, elektr suv isitgichlar, isitish qozonlari va metal radiatorlar, yarim avtomat kir yuvish mashinalari va changyutgichlar ishlab chiqariladi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA