2018-yilning 27-noyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi, Norvegiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan BMTning inson xavfsizligi boʻyicha boʻlimi, BMTning Oʻzbekistondagi mamlakat guruhi va koʻpsheriklik maqsadli jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Milliy va mintaqaviy chegaralardan allaqachon chiqib boʻlgan va borgan sari butun xalqaro hamjamiyatning harakatlarini birlashtirishni talab qilayotgan Orol dengizining ekologik inqiroziga xalqaro jamoatchilik va donor mamlakatlar eʼtiborini qaratish tadbirning asosiy maqsadi. Tadbir davomida inson xavfsizligi konsepsiyasini qoʻllash orqali orol inqirozi natijasida aziyat chekkan aholining talab va ehtiyojlarini tahlil qilish va ularni taʼminlashga asoslangan jamgʻarmaning strategiya dasturi taqdim etildi.
2018-yilning 22-iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va doimiy rivojlanishni taʼminlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash haqidagi Rezolyutsiyani qabul qildi.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida keng muvofiqlashtirilgan hamkorlikning ahamiyati taʼkidlangan va aʼzo davlatlarga, jumladan, Orol dengizini qurishining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga yoʻnaltirilgan Markaziy Osiyo davlatlarining saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash haqidagi murojaat oʻrin olgan. Rezolyutsiyada BMT tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, jamgʻarma va dasturlarga Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik, integratsiyalashuv va barqaror rivojlanishning ustuvorliklarini qoʻllab-quvvatlashda oʻzlarining dastur va tadbirlarini kelishib olish boʻyicha qatʼiy daʼvat oʻrin olgan.
Qachonlardir jahondagi eng katta koʻllarning toʻrtinchisi boʻlgan Orol dengizini qurishi dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biri boʻlib, mintaqadagi hukumatlar va hamjamiyatlar uchun qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy va gumanitar muammolarning sababchisi, deb hisoblanadi. Oxirgi 50 yil mobaynida Amudaryo va Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan suv miqdori besh karra qisqardi, dengiz hajmi esa 14 marotabaga kichraydi. Dengizdagi suvning shoʻrlanish darajasi 25 marotabaga oshdi va jahon okeanlarining minerallashuv darajasidan anchagina oshib ketdi. Qachonlardir ovchilik taraqqiy etgan suvlar oʻrnida bugun maydoni 5,5 million gektarga teng boʻlgan qum-tuz choʻli yuzaga keldi, bu yerda qum va tuz boʻronlari avj olmoqda va ular har yili bir necha ming kilometr masofagacha 75 million tonnadan koʻproq qum va tuzni atmosferaga tarqatmoqda.
Orol fojiasi mintaqadagi iqlim sharoitini ogʻirlashtirdi, yoz davrida quruqlik va jaziramani kuchaytirdi, qahraton qishlarni uzaytirdi. Mutaxassislarni bashoratiga koʻra, 2035-2050 yillarga kelib mintaqadagi havo darajasi hozirgi koʻrsatkichlarga nisbatan yana 1,5-3 darajaga oʻsishi mumkin. Undan tashqari, Orol fojiasining tahdidli taʼsiri butun dunyoda kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlarni taʼkidlashicha, Orol mintaqasining zaharli tuzlari Antarktida sohillarida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya oʻrmonlarida va Yer kurrasining koʻplab boshqa joylarida topilgan.
1. Aholining turmush faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik vaziyat, ijtimoiy himoya va boshqa shu kabi sohalar bilan bogʻliq boʻlgan Orolboʻyining zaruriy muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni taʼminlash.
2. Oʻzbekiston hukumati, BMT agentliklari va Trast fondining strategiyasi doirasidagi donor hamjamiyatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali mintaqani rivojlanish jarayoniga birgalikdagi yordam berish.
3. Orolboʻyi mintaqasi muammosiga jahon hamjamiyatining eʼtiborini qaratish va mintaqa rivoji uchun texnik va moliyaviy resurslarni safarbar qilish.
4. Orolboʻyi mintaqasiga ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarning oʻziga xos boʻlgan “xabi” sifatida mintaqani barqvaror rivojini taʼminlash maqsadida yangi bilimlar, innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni jalb qilish.
Jamgʻarma turli manfaatdor tomonlarning, shu jumladan, xalqaro moliyaviy va donor tashkilotlar, Oʻzbekiston hukumati, milliy mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlari, BMT agentliklari va jamoatchilik tashkilotlarining tajribasini oʻzida birlashtiradi. Fondning faoliyati qisqa muddatli chora-tadbirlar bilan cheklanib qolmaydi, balki, mahalliy hamjamiyatlarni faol jalb qilgan holda, Janub-Janub dasturi boʻyicha hamkorlik orqali texnologiyalar almashinuviga koʻmak beruvchi majmuaviy innovatsion yechimlarni ilgari suradi. Bu yechimlar, aslida, oqibatlarga munosabat bildirish emas, balki ularni profilaktikasiga yoʻnaltirilgan.
Fond faoliyati va uning loyihalari ilgʻor jahon tajribasiga muvofiq tarzda rivojlanish maqsadlariga yetishish uchun strategik, shaffof va adolatli hamkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi dasturiy yondashuvni qoʻllagan holda Hukumatning Orolboʻyi mintaqasi muammolarini hal qilishga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlarini davom ettiradi.
Trast fondi strategiyasida nazarda tutilgan Orolboʻyi mintaqasida yashaydigan aholining talab va ehtiyojlarini aniqlash boʻyicha ijtimoiy tadqiqotlar natijalari asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali. Tadqiqot 2018-yilda Qoraqalpogʻistonning eng koʻp aziyat chekkan 8 tumanida oʻtkazildi va 1 ming 600 uy xoʻjaligini qamrab oldi.
Jamgʻarma moliyalarini maʼmuriylashtirishning shaffof jarayonini taʼminlash BMTning koʻpsheriklik trast jamgʻarmasining Nyu-Yorkdagi ofisi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻz mablagʻlari qayerga investitsiya qilinishini “onlayn” usulda bilib olish imkoniga ega boʻlgan donor tashkilotlarni jalb qilish imkoniyatidan foydalangan holda loyihalarni shaffof tarzda tanlash, tasdiqlash, amalga oshirish va monitoring qilishni taʼminlash nazarda tutilgan.
Strategiyada yozib qoʻyilgan aniq natijalarga erishish uchun Jamgʻarma faoliyati, uning xalqaro talablari va mahalliy qonunchilik doirasidagi loyihalarini monitoring qilib borish, baholash va hisob-kitob qilish tizimini taʼminlaydi.
Inson huquqlari, ehtiyojlariga asoslangan va oʻz maqsadi yoʻlida keng qamrovli boʻlgan transformatsion IXKTFni tashkil etish gʻoyasi jahondagi eng yirik antropogen falokatlardan birining oqibatlarini bartaraf qilish boʻyicha koʻp sektorli va insonlarga moʻljallangan chora-tadbirlarni jamlash va mustahkamlashga yoʻnaltirilgan. Ish joylarini tashkil etish, tabiat resurslarini boshqarish, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash, ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini mustahkamlash, shu jumladan, qiyin sharoitlardagi ayollarni qoʻllab-quvvatlash, qoʻshma rejalashtirish va tashabbuslarni amalga oshirish vositasida samarali boshqaruvni rivojlantirish.
Qayd etish joizki, Oʻzbekiston hukumati yuqorida zikr etilgan yoʻnalishlar, shu jumladan, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha 2017-2021 yillarga moʻljallangan Davlat dasturi doirasida qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamgʻarmaning maqsadi – Fondning birlashgan Strategiyasi asosida muvofiqlashtirilgan donorlik koʻmagini jalb qilish yoʻli bilan ushbu saʼy-harakatlarni toʻldirishdan iborat. Jamgʻarma, shuningdek, Orolboʻyining eng zaif va uzoq hududlariga va hamjamiyatlar bilan bevosita ishlashga koʻproq eʼtiborni qaratadi.