Mehmon Samarqanddagi Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yurtboshimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
Checheniston rahbari Shohi Zinda yodgorlik majmui, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni va boshqa diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.
Buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasi ziyorati Ramzan Qodirov uchun yurtimizga tashrifning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Mehmonlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ayni paytda majmua yaqinida bunyod etilayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi loyihalari bilan tanishdi.
Shu kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Buxoroda ham bo‘ldi.
Xorijlik mehmonlarning safari Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi ziyoratidan boshlandi. Ulug‘ pir qabri yonida Qur’on tilovat qilindi.
Shuningdek, mehmonlar Buxoro shahridagi qariyb 500 yillik tarixga ega Mir Arab madrasasiga tashrif buyurdi. Bu yerda 72 yildan buyon o‘rta maxsus islom bilim yurti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuning bilan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga yetdi.