Kelgusi yildan soliq siyosatida qanday oʻzgarishlar boʻladi?

Tadbirkorlik subyektlariga umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtish tartibi tushuntirilmoqda.

Kelgusi yildan soliq siyosatida qanday oʻzgarishlar boʻladi? Tadbirkorlik subyektlari uchun berilayotgan soliq imtiyozlari nimalardan iborat? Yil yakuni boʻyicha yillik oboroti 1 milliard soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar qay tartibda umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkaziladi? Tadbirkorlar Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan seminarlarda ana shu kabi dolzarb savollarga javob topishdi.

Bugun yurtimizda soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish borasida keng koʻlamli izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29-iyunidagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

photo5469737845158685093.jpg

Seminarda Konsepsiyaga asosan, 2019-yil 1-yanvardan soliq sohasiga joriy etilayotgan yangiliklar haqida maʼlumot berildi. Xususan, kelgusi yildan boshlab, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining 12 foiz miqdoridagi yagona stavkasi joriy etiladi. Bundan tashqari, Pensiya jamgʻarmasiga 8 foiz miqdoridagi sugʻurta badali toʻlovi bekor qilinmoqda. Yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 12 foizgacha pasaytiriladi. Mazkur meʼyorlarning amaliyotga joriy etilishi orqali mehnatga haq toʻlash fondiga soliq yuki kamaytiriladi.

Shuningdek, davlat maqsadli jamgʻarmalariga yuridik shaxslarning tovar aylanmasidan 3,2 foiz miqdorida undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinadi. Bundan tashqari, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari kamaytiriladi.

Oʻz navbatida, soliq stavkalarining pasaytirilishi hisobiga birgina Sirgʻali tumanida 339,8 milliard soʻmdan ortiq mablagʻlarni soliq toʻlovchilar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi.

Seminarda Prezident Farmoniga asosan, yil yakunlari boʻyicha yillik oboroti 1 milliard soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkazish tartibi koʻrgazmali vositalar hamda slaydlar yordamida tushuntirildi.

– Joriy yil 9 oyi yakunlari boʻyicha Sirgʻali tumanida 1 milliard soʻmdan ortiq tovar aylanmasiga ega boʻlgan 390 ta korxona mavjud, – dedi Sirgʻali tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Jahongir Mirpoʻlatov. – Ularning barchasiga 2019-yilning 1-yanvaridan umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtishlari zarurligi haqida xabarnomalar joʻnatilgan. Hozirgi kunga qadar 237 ta korxona umumbelgilangan soliq toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtdi. Konsepsiyaga asosan soliq sohasiga joriy etilayotgan ushbu yangilik yuzasidan Sirgʻali tumanidagi tadbirkorlardan koʻplab savollar tushayotganligi sababli seminar tashkil etilib, tadbirkorlar bilan bevosita uchrashgan holda javob berildi.

Seminarda hisobot yili yakunlari boʻyicha 1 milliard soʻmdan ortiq tovar aylanmasiga ega boʻlgan tadbirkorlar 2019-yil 1-yanvardan umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtishlari zarurligi haqida Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan xabar qilinadi. Xabarnoma olgan tadbirkorlar joriy yilning 12-noyabridan 12-dekabrigacha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishlari lozim.

– Ayni paytda korxonamiz yagona soliq toʻlovi toʻlab kelayotgandi, – dedi tadbirkor Nargiza Umarova. – Joriy yil 9 oyi yakuni boʻyicha umumiy oborotimiz 1 milliard soʻmdan oshganligi bois 2019-yildan umumbelgilangan soliqlar toʻlashga oʻtishimiz haqida xabarnoma oldik. Shundan soʻng umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga qay tartibda oʻtamiz? Soliqlarni qay tartibda toʻlaymiz? degan koʻplab savollar tugʻilgandi. Ochigʻi bir oz ikkilanishlar ham yoʻq emasdi. Bugungi seminarda Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari barcha savollarimizga javob berishdi.

***

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan Mirzo Ulugʻbek tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun tashkil etilgan seminar ham mazmunan boy va samarali boʻldi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan, yil yakunlari boʻyicha yillik oboroti 1 milliard soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkazish tartibi koʻrgazmali vositalar hamda slaydlar yordamida tushuntirildi.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 9 oyi yakunlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanida 1 mlrd soʻmdan ortiq tushumlarga ega boʻlgan 576 ta korxona mavjud. Ularning barchasiga umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtishlari zarurligi haqida xabarnomalar joʻnatilgan. Joriy yilning 26 noyabr holatiga 265 ta korxona qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishga ham ulgurgan.

Seminarda ishtirokchilar tomonidan Konsepsiya soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tadbirkorlik subyektlari vakillari muloqotlar chogʻida soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bois bugungi kunda soliq xodimlari soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori, yaqin maslahatchisiga aylanib borayotganligini alohida taʼkidlashdi. Bu esa fuqarolarda ham, tadbirkorlarda ham shu yurtga daxldorlik tuygʻusi shakllanib, insofli soliq toʻlovchilar safi kengayayotganidan darak beradi.

Oʻzaro muloqot tarzida oʻtayotgan bu kabi seminarlar poytaxtimizning barcha tumanlarida oʻtkaziladi.

Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi

 

OʻzA