Nizom bilan Komissiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Hukumat qarori bilan YUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy aaxborot” kanali maʼlum qildi.

Nizomga muvofiq, quyidagilar Komissiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:

• taʼlim;
• ilm-fan;
• madaniyat;
• ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiyalar.

YUNЕSKO va Taʼlim, ilm-fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkilotining (AYSЕSKO) faoliyatida Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsi va rolini mustahkamlash, YUNЕSKO va AYSЕSKO dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vazirliklar hamda idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Nizomga muvofiq, umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan tegishli hududlarda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari Komissiya bilan kelishiladi.

Komissiya tarkibiga Komissiya raisi, uning oʻrinbosarlari, Bosh kotib va Komissiya aʼzolari kiradi.

Komissiyaning navbatdagi umumiy majlislari har yili kamida bir marta, navbatdan tashqari majlislar esa zudlik bilan hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan chaqiriladi. Komissiya qarorlari koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va qarorlarning mazmuni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

Komissiyaning Bosh kotibi vazirning birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi va Prezident bilan kelishilgan holda Hukumat tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

YUNЕSKO va AYSЕSKO tadbirlarida ishtirok etish uchun vakillarni tanlash boʻyicha takliflar tayyorlash Komissiya kotibiyatining asosiy funksiyalaridan biri hisoblanadi.

 

OʻzA