Oʻzbekistonda qancha NNT, diniy tashkilot, OAV bor?

Sohaning faollashib borayotganida ularni qoʻllab-quvvatlash, toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratilayotgani muhim oʻrin tutmoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda turli sohalarda 9,7 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti va 2,2 mingdan ziyod diniy tashkilot, 1,5 mingdan koʻproq ommaviy axborot vositasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Sohaning faollashib borayotganida ularni qoʻllab-quvvatlash, toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratilayotgani muhim oʻrin tutmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida NNTlar faoliyati bilan bogʻliq 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Adliya vazirligida nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini tushuntirishga bagʻishlab tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda soʻz bordi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, NNT va turli konfessiyadagi diniy tashkilotlar vakillari, xorijiy NNTlar vakolatxonalarining chet ellik xodimlari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, NNT pensioner xodimlariga pensiya ularning mazkur tashkilotlardagi faoliyati yagona ish joyi boʻlgan taqdirda toʻliq toʻlanadi. “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etildi. Mehnatga haq toʻlash fondini tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan kelib tushgan mablagʻlar hisobidan shakllantiruvchi NNT uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 15 foizga tushurildi. Jamoat fondi maʼmuriy xarajatlarining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 30 foizidan oshmasligi kerakligi belgilandi.
NNTning chet el fuqarolari boʻlgan xodimlari akkreditatsiya kartochkasining yangi shakli tasdiqlandi. Yaʼni akkreditatsiya kartochkasining himoyalanganlik darajasi yanada oshirildi.
Adliya vazirligi huzurida 17 kishilik NNT vakillari, vazirlik faxriylari va yuridik fanlari doktoridan iborat Jamoatchilik kengashi tuzildi. “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tuzilmasida Diniy-ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish axborot-tahlil markazi, Oliy diniy-maʼrifiy taʼlim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishi hamda mamlakatimiz dovrugʻini jahon miqyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofoti taʼsis etilishi belgilandi.
Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi soddalashtirildi, roʻyxatdan oʻtkazishda toʻlanadigan davlat boji 5 marta kamaytirildi.
Anjumanda ishtirokchilar joylarda tashkil etilayotgan NNT uylari, ularning holati va topshirilishiga doir masalalar, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini aynan qanday hollarda va ularning qaysi natijalariga qarab berilishi borasida oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.

 

N.Abduraimova, OʻzA