Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, akademik Mahmud Salohiddinov differensial tenglamalar hamda maxsus funksiyalar va integro-differensial operatorlar nazariyasini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan.
U uchinchi tartibli qoʻshma va aralash qoʻshma tipga tegishli tenglamalarning toʻliq klassifikatsiyasi, kanonik koʻrinishi, uchinchi tartibli aralash qoʻshma tipdagi model va umumiy koʻrinishdagi tenglamalar uchun bir qator yangi chegaraviy masalalar boʻyicha izlanishlar olib borgan.
Poytaxtimizda atoqli matematik olim M.Salohiddinov tavalludining 85 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Differensial tenglamalarning zamonaviy muammolari va ularning tatbiqlari” mavzuidagi ilmiy anjumanda ana shular xususida soʻz bordi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda OʻzFA prezidenti B.Yoʻldoshev va boshqalar mamlakatimizda matematika va fizika fani rivoji uchun olimlarimizning ulkan mehnati singgani, bunda M.Salohiddinovning alohida oʻrni borligini taʼkidladi.
Atoqli olimning oʻzbek matematika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan fundamental tadqiqotlari, ilmiy ishlanmalari, monografiya va maqolalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi oʻrtasida yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan. Mohir va talabchan murabbiy sifatida koʻplab yoshlarga ustozlik qilgan. Uning rahbarligida oʻnlab fan doktorlari va nomzodlari tayyorlangan.
– Mana shunday olimning shogirdi ekanimdan faxrlanaman, – deydi fizika-matematika fanlari doktori Baxtiyor Qodirqulov. – Bugun ustozimning oramizda yoʻqligi nafaqat men yoki boshqa shogirdlariga, balki butun matematika olamiga yaqqol sezilib turadi. Oʻqishni tamomlagach, ustozim Mahmud domlaning yoʻnalishi boʻyicha ilmiy ish olib bordim va shu soha rivoji yoʻlida baholi qudrat mehnat qilmoqdaman.
Anjuman ishi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti binosida davom ettirildi. Unda Qozogʻiston Milliy Fanlar akademiyasi akademigi T.Kalmenov, Qozogʻiston Milliy Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi M.Sadibekov va mamlakatimiz yetakchi matematik olimlarining differensial tenglamalarning zamonaviy muammolari va ularning tatbiqlariga doir ilmiy maʼruzalari tinglandi.
Davron Sunnatov, OʻzA