Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Yoshlar markazida bo‘ldi.

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish borasidagi islohotlar yuksak natijalar bermoqda.

Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i hududida tashkil etilgan markazda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Yosh chevarlar”, “Yosh rassomlar”, “Yosh shaxmatchilar”, “Yosh ijodkorlar”, “Yosh sartaroshlar” kabi o‘ndan ortiq to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida viloyatlar va Toshkent shahrida Yoshlar markazlarini qurish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 11 yillik majburiy o‘rta ta’lim tizimining joriy etilishi munosabati bilan bo‘shaydigan kollejlar binolarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari ixtiyoriga beg‘araz o‘tkazish, ularning negizida barcha qulayliklarga, jumladan, kutubxona va kitob do‘koniga ega bo‘lgan Yoshlar markazlari va zamonaviy yoshlar kinoteatrlarini, shuningdek, yoshlarni, ayniqsa, ularning uyushmagan qismini kasb-hunarga to‘lovsiz o‘qitish markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz Urganch shahridagi Yoshlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Biz bu kabi zamonaviy inshootlarni ko‘plab qurishimiz mumkin. Lekin uning ichida qanday ta’lim-tarbiya olish, hunar o‘rganish siz yoshlarning intilish va tashabbuslaringizga bog‘liq, dedi davlatimiz rahbari. Xorazmlik yoshlar bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak.

Prezidentimiz turli sabablarga ko‘ra to‘g‘ri yo‘ldan adashib qolgan yoshlarni sog‘lom hayotga qaytarishda ularning tengdoshlari yordam berishi kerakligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbariga mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yigit-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA