Shavkat Mirziyoyev Qoʻngʻirot tumanidagi oilaviy poliklinikaga bordi

Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilib, yangi zamonaviy tibbiyot muassasalari bunyod etilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinayotir.

Bu borada Orolboʻyi aholisiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan 2017-2018 yillarga moʻljallangan investitsiya dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mazkur dastur asosida 36 obyektda 84 milliard soʻmlikdan ziyod ishlar bajarildi, 2,8 million AQSH dollarilik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. 2365 shifokor Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, 53 nafar shifokor xorijda malakasini oshirdi. 72 zamonaviy avtotransport vositasi olib kelindi.

“Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻinidagi 23-qishloq oilaviy poliklinikasi ham joriy yilda rekonstruksiya qilindi. UTT, EKG, biokimyoviy analizator kabi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlandi.

“Qoʻngʻirot”, “Shumanay”, «Qangli” ovul fuqarolar yigʻinlari aholisiga xizmat koʻrsatadigan poliklinikada 6 oliy maʼlumotli, 5 tor doiradagi xirurg, stomatolog, terapevt, pediatr, akusher-ginekolog kabi 48 nafar mutaxassis ishlamoqda. Bir kunda 100 kishiga xizmat koʻrsatayotgan tibbiy muassasada aholi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Poliklinikada 5 oʻrinli statsionar va tez tibbiy yordam koʻrsatish shoxobchasi tashkil etilgan. Ayollar maslahatxonasi, oʻsmir-qizlar xonasi, ijtimoiy dorixona, fitobar aholi xizmatida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar sogʻligi uchun barcha sharoit yaratilishinitaʼkidladi.

5dc8c958-70c3-4ba2-b58e-4843ec4e09d7.jpg

759da011-d098-3657-7507-cbf0a974492f.jpg
aaf97c05-2d30-bb24-d087-fd0046f9b3b7.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA