Baliqchilikni rivojlantirishda Xitoy bilan yangi loyihalar amalga oshiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tasarrufidagi “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi mutaxassislari Xitoy Xalq Respublikasining baliqchilik sohasidagi boy tajribasini oʻrganish maqsadida Guandun provinsiyasi maʼmuriy markazi – Guanchjou shahrida boʻldi.
Mutaxassislarimiz Szinyan Agrosanoat kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, baliqlarning yoʻqolib ketayotgan turlarini qayta tiklash, baliqchilikni samarali tashkil qilish boʻyicha yangi tajribalarni oʻrgandi, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi rasmiy saytida eʼlon qilingan xabarda.
Mamlakatimizda aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, sifatli baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish boʻyicha qator dasturiy chora-tadbirlar qabul qilinmoqda. Koʻrilayotgan muhim saʼy-harakatlar tufayli mamlakatimiz iqtisodiyotining tarkibida baliqchilikning ulushi izchillik bilan ortib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 maydagi “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarorida Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi va suv omborlaridagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, qafas usulida baliq yetishtirishni keng joriy etish kabi masalalarni hal etish oʻz ifodasini topgan. Hujjatda shuningdek, baliq yetishtiruvchi va baliq ovlovchi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, bu boradagi xalqaro tajribani oʻrganish hamda baliqchilik sohasida ishlash uchun chet el mutaxassislarini jalb etish, soha ravnaqini taʼminlashga xizmat qiladigan boshqa muhim jihatlar eʼtiborga olingan.
Xitoyga amalga oshirilgan safardan ham koʻp natijalar kutilmoqda. Xususan, yangi baliq turlarini mamlakatimiz hududiga olib kirish, inkubatsiya sexlarini tashkil etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida yopiq usulda, sunʼiy qafas oʻrnatish vositasida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuvlarga erishishdan iboratdir. Xabarda shuningdek, “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” DUK negizida 2019 yilning 1 martiga qadar yiliga 10 million dona baliq chavoqlari ishlab chiqaradigan naslchilik-seleksiya qoʻshma korxonasi tashkil etish rejalashtirilgani aytilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, Xitoy tomoni bilan erishilgan kelishuvlarga koʻra, joriy yilda Xitoy baliqchilik sohasi delegatsiyasi mamlakatimizga keladi. Xorijiy mutaxassislar Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida baliq yetishtirish jarayoni va mahalliy sharoitlar bilan tanishgach, ikki tomonlama shartnoma imzolanishi rejalashtirilgan. Oʻzaro hamkorlikning birinchi bosqichida 500 ming dollar miqdorida sarmoya kiritilishi nazarda tutilgan.

 

OʻzA