Oksolin mazidan foydalanish grippdan himoyami?

Kuz-qish mavsumida koʻpchilikning grippga chalinib qolgani haqida eshitamiz. Qarshi davolash choralari haqida ham ozmi-koʻpmi xabarimiz bor. Lekin, keyingi vaqtda koʻpchilik kasallikning oldini olishda emlash profilaktikasi foydadan holi emasligini aytmoqda.
Bu fikrning qanchalik toʻgʻri ekanini aniqlash uchun immunolog-pediatr Manzura Abdullaqulova bilan suhbatlashdik.
– Gripp epidemiyasi va oʻtkir respirator kasalliklarni oldini olishda vaksinatsiya juda muhim oʻrin tutadi, – deydi M.Abdullaqulova. – Faqat kishining umumiy ahvoli va salomatligiga bogʻliq shikoyatlaridan kelib chiqib vaksinatsiya holati belgilanishi mumkin. Shunda ham emlanishdan avval albatta shifokor koʻrigidan oʻtish tavsiya etiladi. Imkoni boricha emlashga qadar 2 hafta davomida shamollash, tumov kabi holatlar kuzatilmasligi kerak. Homilador ayollar va yosh bolalar uchun esa shifokor koʻrigi va xulosasi belgilanadi.
Grippdan himoyalanish uchun uy sharoitida qanday choralar koʻrishni maslahat bergan boʻlardingiz? Qaysi vitaminlarga koʻproq eʼtibor qaratish kerak?
– Toʻgʻri, uyda ham choralar koʻrish mumkin. Kunora boʻlsa-da, burun teshiklarini ishlatilmagan kir yuvish sovuni yoki maxsus bakteriyalarga qarshi ishlatiladigan vositalarda chaying. Bu muolajani uydan koʻchaga chiqishda va qaytishda bajaring. Bolalarga bogʻcha, maktabga otlanishdan avval oksolin mazini burun atrofiga surtish kerak. Eng muhimi, har bir oila aʼzosi bu tartibga rioya etishi kerak. Chunki, bir kishining infeksiya bilan zararlanishi boshqalariga ham yuqish ehtimolini keltirib chiqaradi.
Vitaminlarga keladigan boʻlsak, kasallikning avj pallasida vitamin S qabul qilish foydalidir. Mazkur vitaminni limon, apelsin, mandarin kabi sitrus mevalardan topishingiz mumkin. Bunda limonli choy yoki mevaning oʻzini isteʼmol qilish ham tavsiya etiladi. Taomnomangizdagi salat va yeguliklar qatoriga piyoz va sarimsoqni kiriting. Mazkur mahsulotlar organizmdagi zararli bakteriyalarga qarshi samarali kurashuvchi boʻlib, xomligicha isteʼmol qilinadi.
Grippga qarshi emlash hammaga ham toʻgʻri keladimi? Hech qanday cheklovlar yoʻqmi?
– Toʻgʻri, bunda baʼzi cheklovlar bor. Misol uchun, allergik holatlarga moyillik boʻlsa, infeksion xastalik va yuqori haroratda, buyrak faoliyatining oʻzgarishida, asab va endokrin tizimi, qon bilan bogʻliq kasalliklar, 6 oygacha boʻlgan bolalar uchun taqiqlanadi.
Emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yoʻllari yalligʻlanishi kabi kasalliklardan tamoman sogʻlom boʻlishi kerak. Mabodo bu holat kuzatilsa, emlash ishlari vaqtincha toʻxtatib turadi.
Demak, emlash hammaga ham toʻgʻri kelmas ekan. Unda kimlar uchun zaruriy?
– Mavsumiy kasalliklar vaqtida homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollar, 6 oylikdan 23 oylikkacha boʻlgan bolalar hamda immun tizimining sust, muntazam shamollash holatlaridan aziyat chekadiganlarga bu albatta kerak. Ayniqsa, gripp bilan kasallangan kishilar bor muassasada ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun emlash zaruriy hisoblanadi.
Qayd etish joizki, vaksina olishning oʻz tartibi bor. Misol uchun, 6 oylikdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarga vaksinatsiya 2 marta — 1 oylik tanaffus bilan amalga oshiriladi. Uch yoshgacha boʻlgan bolalarga esa ikkiga boʻlib qilinadi. 3 yoshdan kattalar bir yilda bir marta emlanadi. Grippga qarshi emlanganlar orasida olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, emlashdan soʻng kasallikka chalinish xavfi 70-90 foizga kamayadi.
Internet xabarlariga eʼtibor qiladigan boʻlsak, dunyoda grippning ikki mingdan ortiq turi boʻlib, har yili dunyo miqyosida gripp asoratlari tufayli 250 -500 ming kishi halok boʻlayotgan ekan. Albatta, bu kichik raqamlar emas. Sogʻligʻimiz oʻz qoʻlimizda ekan, grippdan himoyalanish choralarini koʻrishimiz shart albatta.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA