“Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisidagi” idoralararo qaror loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimiga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va oʻtkazish uchun Bosh prokuratura, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalariga yuborilgan buyurtma, shuningdek, tekshiruv toʻgʻrisida maʼlumotlar, monitoring va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida aniqlangan qonunbuzishlarni bartaraf qilish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar kiritiladi.
Yagona tizimda roʻyxatdan oʻtkazishni tasdiqlash bir ish kuni davomida amalga oshiriladi. Nazorat qiluvchi organning masʼul xodimi Yagona tizimda bir marotaba roʻyxatdan oʻtkaziladi.
“Oʻtkazilgan tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnomada qayd etilgan qonun buzilishi holatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshiruv yakunlangandan soʻng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik subyektiga nisbatan qoʻllanilgan taʼsir choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yozma koʻrsatma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma, moliyaviy va iqtisodiy jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar, sud qarorlari va boshqalar) mazkur choralar qoʻllanilgandan soʻng uch ish kunidan kechiktirmasdan nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga kiritilishi shart”, – deyilgan qaror loyihasida.
Loyihada tadbirkorlik subyekti oʻz soʻroviga koʻra oʻtkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Yagona tizimdan qisqa xabar (SMS) koʻrinishida va real vaqt rejimida Internet tarmogʻi orqali olishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Loyiha muhokamasi 27 noyabrgacha yakunlanadi.
OʻzA