Ayni kunlarda yurtimizdagi internet foydalanuvchilari YouTube videoxostingi yaxshi ishlamayotgani tufayli tarmoqdan foydalana olmayapti. Mazkur muammoning sababi esa turli xil talqin qilinmoqda. Aksariyat internet foydalanuvchilari videoxostingga kirish atay cheklanmoqda, degan fikrda. Facebook ijtimoiy tarmogʻiga kirishda ham noqulayliklar kuzatilayotgani maʼlum. Shu bois koʻpchilik tarmoqqa ulanishda VPNdan foydalanmoqda.
Oʻzbekistonda YouTube videoxostingi yaxshi ishlamayotgani borasida rasmiy izoh berilmayotgani internet foydalanuvchilarining noroziligiga sabab boʻlmoqda.
Biz Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga telefon orqali bu haqda soʻrab, murojaat qilganimizda aniq maʼlumot, izoh ololmadik.
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining murojaatlar boʻlimi xodimi Bobur Abdullayev bilan telefon orqali gaplashganimizda YouTube ishlamasligiga kompaniya aybdor emasligi, tarmoqda muammo yoʻqligini aytdi.
– Foydalanuvchilar eng koʻp internet trafigini YouTubedan foydalanish uchun sarflaydi. Shu bois uning yaxshi ishlashi bizga foyda keltiradi. Qolaversa, kompaniyamiz videoxosting ishiga taʼsir koʻrsatish uchun rasmiy huquqqa ega emas, – deydi B.Abdullayev.
Shu tariqa muammoning asl sababiga aniq javob topilmayapti. Biz bu haqda Oʻzbekistonda YouTube videoxostingi faoliyati uchun masʼul tashkilotlardan javob kutib qolamiz.
Inobat Ahatova, OʻzA