EIZlar faoliyatini rivojlantirish boʻyicha tadqiqot natijalari eʼlon qilindi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Oʻzbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar samaradorligini baholash: huquqiy, investitsion, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatlari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
DSC_0412.JPG
Tadbirda mutasaddi vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar ishtirok etdi. Unda joriy yil sentyabr – oktyabr oylarida yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan tadqiqot natijalari eʼlon qilindi.
DSC_0416.JPG
Harakatlar strategiyasida viloyat, tuman va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha qator vazifalar belgilangan. Xususan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, texnoparklar samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shunga muvofiq, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Shveysariyaning “PeaceNexus” xalqaro jamgʻarmasi bilan hamkorlikda EIZlar faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Oʻzbekistonda erkin iqtisodiy zonalarning samarali faoliyat yuritishi va ularga qulay sharoitlar yaratish” loyihasini amalga oshirdi.
Loyiha doirasida sentyabr – oktyabr oylarida qator erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, ular orqali hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik holatni yaxshilash imkoniyatlari hamda mavjud muammolar oʻrganildi.
Jumladan, mahalliy va xalqaro ekspertlar “Navoiy” va “Angren” EIZlarida boʻlib, ular faoliyati, investitsion muhitni yaxshilash boʻyicha yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Investorlar, direksiya vakillari, mahalliy tadbirkorlarning fikrlari, mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan takliflari oʻrganildi.
Tadqiqotlar EIZlarning huquqiy asoslari, investitsion jozibadorligi, soliq siyosati, atrof-muhitga va ijtimoiy-iqtisodiy hayotga taʼsiri, bojxona maʼmurchiligi kabi besh yoʻnalishda olib borildi.
Davra suhbatida oʻtkazilgan tadqiqot natijalari eʼlon qilindi. Ushbu natijalar boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar 2019 yilgi Davlat dasturi loyihasiga kiritish uchun taqdim etishga kelishib olindi.

 

OʻzA