Avval xabar qilinganidek, “Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarning roli: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro anjumanda ayollar gender tengligi va ularning davlat boshqaruvdagi faolligi masalalari qizgʻin muhokama qilinmoqda.
Anjumanda Afgʻoniston ayollar masalalari boʻyicha vaziri Dilbar Nazariy OʻzA muxbiriga oʻz yurtida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab berdi.
– Bugungi kunda Afgʻonistonda xotin-qizlar masalasi ham asosiy oʻrinni egallamoqda, – dedi u. – Ayollarimizga erkinlik berish, ularning tengligini taʼminlash va davlat boshqaruvida ular faolligini oshirish masalasi Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan. Ayni kunda bu borada qonun va meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Hozirgi kunda 27 foiz ayollar quyi parlamentda, 26 foizi davlat organlarida, 1 foizi harbiy sohada, 39 foizi maktabda, 23 foizi oliygohlarda va 17 foizi boshqa yoʻnalishlardadir. Garchi, Afgʻonistonda bu borada mavjud muammolar boʻlishiga qaramay, xotin-qizlarning teng huquqligi masalasini hal qilishga erishmoqdamiz. Buning asosiy sababi esa afgʻon ayollarining tinchlik istashida, tinchlik tarafdori ekanida. Shu sababli Oʻzbekiston, BMT va boshqa davlatlarning bu borada bizni qoʻllab-quvvatlayotganidan minnatdormiz. Toshkentda oʻtkazilayotgan uchrashuv manfaatli aloqalarni mustahkamlashga, tajribalarni oʻrganishga keng imkoniyatlar ochib beradi. Bu bizning davlat ayollari uchun juda muhimdir.
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA