Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 sentyabrdagi “Davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini qayta tayyorlash, ularning malakasi va kasb koʻnikmalarini oshirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini xorijiy yetakchi tibbiyot va ilmiy muassasalarga qayta tayyorlash hamda malaka oshirish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va kasb koʻnikmalarini oshirishga yuborish uchun joriy yilning 1 noyabridan 1 dekabriga qadar tanlov eʼlon qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining axborot xizmati tarqatgan xabarga koʻra, tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar tibbiyot xodimi mehnat qilayotgan davlat tibbiyot tashkiloti kadrlar boʻlimi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalari kadrlar boʻlimiga taqdim etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalari, Respublika va viloyatlar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazlari tomonidan hujjatlar ixtisoslashtirilgan, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlar, ilmiy tekshirish institutlari ishchi organiga taqdim etiladi.
Tanlovda ishtirok etuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni oʻrganib chiqish Sogʻliqni saqlash vazirining joriy yil 15 fevraldagi 98-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini xorijiy yetakchi tibbiyot va ilmiy muassasalarga qayta tayyorlash hamda malaka oshirishga yuborish uchun tanlov asosida tanlab olish, shuningdek, respublikaga yetakchi xorijiy tibbiyot hamda ilmiy muassasalardan taklif etiladigan malakali xorijiy tibbiyot mutaxassislarining roʻyxatini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Inobat Ahatova, OʻzA