Ayni kunlarda jamoatchilik, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oʻrtasida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirish, ayrim harflarga oʻzgartirish kiritish borasidagi fikrlar keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruh alifbodagi oʻzgarishlar borasida maʼlumot berdi.
Rasman 2018 yil 15 mayda tasdiqlangan “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish boʻyicha Harakatlar rejasi”ga muvofiq shu yil oxiriga qadar milliy alifbomizning isloh qilingan yangi loyihasini ishlab chiqib, tasdiqdan oʻtkazish lozim. Shu maqsadda 2018 yil 22 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini keng joriy etish va takomillashtirish muammolari” deb nomlangan ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Konferensiya ishtirokchilari milliy alifbomizni isloh qilish boʻyicha aniq takliflarni ilgari surdilar.
Maʼlumki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruh aʼzolari ikki yil mobaynida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini isloh qilish boʻyicha izchil ish olib bordi.
Oʻtgan vaqt mobaynida alifbo islohoti boʻyicha Ishchi guruhga hamyurtlarimiz tomonidan koʻplab fikrlar yuborildi. Ularni tasniflaydigan boʻlsak, alifbo islohotchilarini uch guruhga boʻlish mumkin boʻladi.
Birinchi guruh – minimal islohot tarafdorlari. Ularning nazdida amaldagi alifbomizga deyarli tegmaslik kerak – faqat Oʻ, Gʻ harflarining koʻp muammoga sabab boʻlayotgan qoʻshimcha belgisini toʻgʻrilasak boʻldi. Negaki, Oʻ, Gʻ harflarining qoʻshimcha belgisi (ʻ) bilan bogʻliq boshogʻriq hammani birday qiynab kelyapti: bu harflarni yozish uchun avval O yoki G harfini yozib, soʻng bir barmogʻimiz bilan “Alt” tugmasini bosamiz va boshqa barmogʻimiz bilan maxsus kod – 0145 ni teramiz. Yaʼni bir harfni yozish uchun olti marta klaviatura tugmalariga qoʻl uramiz. Shundagina alifbomizdagi Oʻ, Gʻ harflari toʻgʻri shaklda yoziladi. Bunday mashaqqattalab belgi dunyodagi biror bir xalqning alifbosida yoʻq.
Ikkinchi guruh – moʻtadil islohot tarafdorlari. Ularning fikricha, ayni paytda oʻqish va yozish jarayonida turli anglashilmovchilik va qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgan Oʻ, Gʻ harflari bilan birga Ch, Sh harflarini ham toʻgʻrilash shart. Chunki ana shu toʻrt harf tufayli bugun alifbo islohoti kun tartibida turibdi. Agar shu toʻrt harf bilan bogʻliq muammolar hal boʻlsaydi, yangi alifboga oʻtish surʼati tezlashgan boʻlar edi, deyishadi ular.
Uchinchi guruh – maksimal islohot tarafdorlari. Ularning fikriga koʻra, Oʻ, Gʻ, Ch, Sh harflari oʻzgartirilishi va alifboga Ĵ undoshi va ı, ö, ü unlilari qoʻshilishi lozim. Chunki, deydi ular, bizdan boshqa barcha turkiy xalqlarning alifbosida “egizak”, yaʼni uzun va qisqa unlilar bor, oʻzbek tilida ham qalin va yumshoq I, Oʻ, U tovushlari bor-u, ammo biz ilgʻamaymiz, chunki alifboda aks etmagan, bu esa tilimizga xos boʻlgan singarmonizm hodisasining yoʻqolishiga olib kelyapti.
Har bir guruhning oʻz haqiqati, dalillari bor. Jumladan, minimal islohotchilar alifboni jiddiy oʻzgartirsak, chorak asr davomida chop etilgan kitoblarning taqdiriyu farzandlarimizning savodxonligi nima boʻladi, axir, yosh avlod shu alifboga oʻrganib boʻlgan, ularni chalgʻitib nima qilamiz, deydi. Moʻtadil islohotchilar bizga hozir toʻrtta harf muammo tugʻdiryaptimi, ularni isloh qilib toʻgʻrilaylik, vassalom, ammo alifbo tarkibiga yangi harflar kiritib, xalqimizni yangi imloviy muammolar girdobiga otmaylik, deydi. Maksimal islohotchilar esa alifboni tubdan isloh qilaylik va mukammal alifboga ega boʻlaylik, deyishadi.
Ishchi guruh aʼzolari hamyurtlarimiz tomonidan bildirilgan fikrlarni oʻrganib chiqib va albatta, ilmiy mantiqqa suyangan holda eng maqbul qarorga kelishga harakat qilishdi. Oʻzaro mulohazalar, fikr almashinuvlar jarayonida maʼlum boʻldiki, minimal islohot yozuvimizdagi muammolarni hal qila olmaydi. Chunki nafaqat Oʻ, Gʻ harflarining qoʻshimcha belgisi (ʻ), shuningdek, Ch, Sh birikmalari ham bizga noqulaylik, malollik tugʻdirmoqda. Sababi:
1) xalqimiz bir fonema (tovush)ga – bir harf tamoyiliga oʻrgangan;
2) Ch va Sh digraflari mutlaqo boshqa tabiatga ega boʻlgan xorijiy til – ingliz tiliga xos boʻlgani uchun psixologik begonasirash hissi bor. Oʻzbek tilidagi matnlarda milliy ruh sezilmaydi.
3) Bu harfiy birikmalar turli tillarda har xil tovushlarni ifodalaydi. Masalan, Ch birikmasi ingliz tilida Ch, fransuz tilida Sh, italyan tilida K, nemis tilida X deb oʻqiladi.
4) Alifbomizda Ss harfi yoʻq, ammo u Ch birikmasi tarkibida oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qoladi. Oʻqituvchilar Ch birikmasini bolalarga qanday oʻrgatadi – bu savolga javob yoʻq. Aslida yozuvdagi birikma – qoʻsh harflar alifboda mavjud harflar ishtirokida hosil boʻlishi kerak edi.
5) oʻzbek tilida Ch va Sh tovushlari ingliz tiliga nisbatan 3-5 barobar koʻp uchraydi va bu hol Ch, Sh ning matnda ketma-ket, gʻuj boʻlib kelishiga sabab boʻlyapti va oʻqish-yozishni qiyinlashtiryapti. Shoshish, xushchaqchaq, ishchi, sharshara, achchiqtosh kabi soʻzlarimizning oʻzida 2-3 tadan Ch va Sh bor. Inglizlarga qulay boʻlgan Ch, Sh birikmalari oʻzbek tilida izma-iz kelib, noqulay holatlarni yuzaga keltirmoqda. Fikrimiz isbotsiz boʻlmasligi uchun Ernest Xemingueyning dunyoga mashhur “Alvido, qurol!” romanining ilk jumlalarini avval ingliz, soʻng oʻzbek tilida beramiz:
In the late summer of that year we lived in a house in a village that looked across the river and the plain to the mountains.In the bed of the river there were pebbles and boulders, dry and white in the sun, and the water was clear and swiftly moving and blue in the channels.Troops went by the house and down the road and the dust they raised powdered the leaves of the trees.The trunks of the trees too were dusty and the leaves fell early that year and we saw the troops marching along the road and the dust rising and leaves, stirred by the breeze, falling and the soldiers marching and afterward the road bare and white except for the leaves.The plain was rich with crops; there were many orchards of fruit trees and beyond the plain the mountains were brown and bare.There was fighting in the mountains and at night we could see the flashes from the artillery. In the dark it was like summer lightning, but the nights were cool and there was not the feeling of a storm coming.
Oʻsha yili yoz oxirlarida biz qishloqda, kulbada turardik. Kulbadan narida daryo bilan vodiy, ulardan ham olisroqda togʻlar yastanib yotardi. Daryoning oʻzani oftobda oqargan, quruq qayragʻochlar va mayda shagʻal bilan qoplangan, daryo shoxobchalarida esa suv tip-tiniq va koʻm-koʻk boʻlib, shoʻx shaldirab oqib borardi. Kulba oldidagi yoʻldan qoʻshinlar oʻtib borar, ularning oyogʻidan koʻtarilgan toʻzon ogʻochlarning barglariga oʻtirardi. Ogʻochlarning barglari ham changga burkangandi, oʻsha yili yaproqlar erta toʻkila boshlagandi, biz boʻlsak yoʻldan qoʻshinlarning oʻtib borishini, chang-toʻzonning koʻkka oʻrlashini, shamol yaproqlarni yulqib-sulqib uchirib ketayotganini, soldatlarning odimlarini, soʻngra esa kimsasiz, boʻm-boʻshtuproq yoʻlda yolgʻiz yaproqlargina toʻkilib yotishini tomosha qilardik. Vodiy yerlari hosildor edi, unda bogʻzorlar serob edi, vodiy etagidagi togʻlar esa taqir qoʻngʻirtogʻlar edi. Togʻlarda jang ketmoqdaydi, kechalari portlashdan yolqinlar koʻtarilardi. Qorongʻida ular shafaqqa oʻxshab koʻrinardi: faqat tunlari etni junjiktirib sovuq turar, havo quruq edi.
Ushbu matnlardagi Ch va Sh birikmalarini sanab, qiyoslaydigan boʻlsak, inglizcha matnda 4ta Ch va 1 ta Sh (jami 5 ta), oʻzbekcha matnda 8 ta Ch va 18 ta Sh (jami 26 ta) qatnashgani maʼlum boʻladi. Shu qiyosning oʻziyoq ingliz tili uchun juda qulay boʻlgan Ch va Shbirikmalarining oʻzbek tili uchun qanchalik noqulay ekanini koʻrsatib turibdi.
Demak, moʻtadil islohot tarafdorlarining fikrida jon bor: eng kamida shu toʻrtta harf (Oʻ, Gʻ, Ch, Sh)ni qulay shaklga keltirishimiz shart.
Ammo, yuqorida taʼkidlaganimizdek, maksimal islohot tarafdorlari ham borki, ular alifboni keskin isloh qilib, bir necha qoʻshimcha undosh va unli harflarni qoʻshish kerak, deyishadi. Bu hol oldimizda qator muammo va savollarni paydo qiladi. Jumladan:
1) Boshqa qardosh xalqlardan farqli oʻlaroq, oʻzbek xalqi bir necha lahjada soʻzlashuvchi elatlarni oʻzida birlashtirgan. Aytaylik, qozoq, qirgʻiz va qoraqalpoqlar yaxlit qipchoq; turk, turkman, ozarbayjonlar yalpi oʻgʻuz, uygʻurlar qarluq lahjasiga mansub boʻlsa, oʻzbek etnosi tarkibida qipchoqlar ham, oʻgʻuzlar ham, qarluqlar ham bor va ularning soʻzlashuv tarzida muayyan farq seziladi: bitta soʻz bir lahjada qisqa-qalin unli bilan aytilsa, boshqasida uzun-yumshoq unli bilan talaffuz qilinadi. Yana bir oʻziga xos jihatimiz – turkiy xalqlar ichida faqat oʻzbeklarda Oo tovushi borki, bu hol fonetikamizda alohida yondashuvni talab etadi. Umuman olganda, hozirgi unli harflar har bir lahjaga muayyan erkinlik beradi: soʻzlardagi i u o tovushlarini har bir lahja oʻziga moslab talaffuz qiladi. Shu bois haqli savol tugʻiladi: alifbo nafaqat tovushlarni imkon qadar toʻla aks ettirishi, shu bilan birga, milliy yaxlitlik, birlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shart emasmi?
2) Bugungi kunda X va H ni farqlashga qiynalayotgan hamyurtlarimiz qattiq va yumshoq Oʻ, U, I ni farqlashda jiddiy muammolarga duch kelib, natijada aholining savodxonligi keskin pasayib ketmaydimi?
3) Taʼlim muassasalaridagi barcha oʻqituvchi-ustozlarning malakasini oshirish, ularga egizak tovushlarning farqini aniq-tiniq tushuntirib berish kerak. Tan olishimiz kerak, ayni paytda nafaqat oddiy yurtdoshlarimiz, balki ayrim oʻqituvchilarimiz ham X bilan H ni farqlashda ikkilanadi. Xoʻsh, turli sheva va lahjalarda soʻzlashuvchi, bitta soʻzni har xil talaffuz etuvchi oʻqituvchilarimiz I ı va İ i, Ŏ ŏ va Ö ö, U uva Ü ü tovushlarining farqini birday his qilarmikan?
4) Milliy alifbomiz murakkablashadigan boʻlsa, oʻz savodxonligiga ishonmaydigan koʻp ota-onalar farzandlarini oʻzbek maktablariga emas, boshqa tildagi maktablarga berishni maʼqul koʻrishi mumkin. Bu hol ona tilimizning mavqeiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydimi?
5) Davlat idoralarida yangi alifboda ish yuritishni yoʻlga qoʻyish qiyinlashib, rasman yagona yozuvga oʻtish jarayoni yanada choʻzilib ketmaydimi?
6) Shu paytgacha amalda boʻlgan oʻzbek tili qoidalarini tubdan koʻrib chiqish, tahrir qilish, avvalgi koʻp tushunchalardan voz kechishimiz kerak boʻladi. Aytaylik, egizak unlilar farqlanadigan boʻlsa, singarmonizm talabiga koʻra, barcha feʼllar asosiga birday -moqqoʻshimchasini qoʻshib boʻlmaydi. Feʼl negizida qalin unlilar kelsa, -moq (oʻqimoq, turmoq, bormoq), yumshoq unlilar kelsa, -mak (suzmak, tuzmak, uzmak) qoʻshimchasini qoʻshish talab etiladi. Yaʼni, tilshunoslikka oid mutlaqo yangi qoʻllanma va darsliklar yaratishimiz shart. Tilimizdagi bunday inqilobiy oʻzgarishlarga mutaxassislar va oddiy vatandoshlarimiz nechogʻlik tayyor?
7) Tilimizda necha yuz ming soʻz boʻlsa, ularning har birini qattiq va yumshoq unlilar nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqib, mutlaqo yangi imlo qoidalari asosida mukammal lugʻatyaratishimiz kerak. Turli lahja va shevalarda soʻzlashuvchi mutaxassislarimiz bu masalada qaysi mezonga suyanishadi?
8) Shu paytgacha kirill va lotin alifbosida chop etilgan kitoblarni maxsus dasturlar yordamida avtomatik oʻgirish imkoniyati yoʻqoladi – har bir kitobni alohida, qaytadan terib chiqish shart boʻladi. Sababi, elektron dasturlar İi, Oʻoʻ , Uu harflarini oʻgirish chogʻida uzun va qisqaga boʻlib (I ı va İ i, Ŏ ŏ va Ö ö, U u va Ü ü tarzida), tasniflay olmaydi. Shu paytgacha chop etilgan kitoblarni yangi alifboda chop etish oʻta mashaqqatli jarayonga aylanmaydimi?
Eng eʼtiborga molik tomoni, murakkab alifbo tufayli jiddiy toʻsiq va muammolar yuzaga kelgach, yana ortga qaytadigan boʻlsak (oʻzi bir marta shunday boʻlgan: 1929 yilda 9 ta unlili alifboni qabul qilib, 1934 yilda uchta unli harfdan voz kechganmiz), unda shusiz ham chalkash boʻlgan yozuvga doir ishlarimiz yanada chigallashadi, yoshlarimizning savodxonligi battar yomonlashadi – zamondoshlarimiz oldida ham, kelajak avlod oldida ham uyatga qolamiz.
Nima boʻlgan taqdirda ham, yuqorida qayd etilgan toʻrtta harf (Oʻ, Gʻ, Ch, Sh) ni isloh qilishimiz shart, dedik. Xoʻsh, ularni qanday qilib oʻzgartirsak maʼqul boʻladi?
Avvalo, Ch va Sh birikmalarining oʻrnini bosuvchi yaxlit harflarga eʼtibor qaratamiz:
Ch – Çç Ćć Ĉĉ Čč;
Sh – Şş Śś Ŝŝ Šš
Ochigʻi, keyingi uchta variant – (Ćć Ĉĉ Čč; Śś Ŝŝ Šš) yozishga birmuncha noqulay boʻlib, matnni mitti diakretik belgilarga toʻldirib tashlaydi. Keyin bu harflarning ust belgilarini yozma shaklda ifodalash noqulay.
Ost belgisi harf oʻzagiga qoʻshilib yoziladigan Çç va Şş harflari esa yozish va oʻqishga qulay hamda milliy xarakterga ega: ular 1929 – 1940 hamda 1993 – 1995 yillardagi alifbomizda ham boʻlgan.
Demak, Ch va Sh tovushlari uchun eng maqbul harflar – Çç va Şş. Ularning ost belgisi bir xil ekani oʻzaro uygʻunlikni taʼminlaydi.
Endi Oʻ, Gʻ harflari boʻyicha fikrlashamiz va asosiy variantlarga nazar tashlaymiz:
Oʻ – Ŏŏ Ôô Ǒǒ Õõ Öö Ōō Óó
Gʻ – Ğğ Ĝĝ Ġġ Ǧǧ Ģģ Ḡḡ Ǵǵ
Bu harflar orasidan oʻzaro uygʻun, umumiy belgiga ega boʻlgan harflar zanjirini aniqlaymiz. Bular:
Ŏŏ – Ğğ; Ōō – Ḡḡ; Ôô – Ĝĝ; Ǒǒ – Ǧǧ; Óó – Ǵǵ;
Bu juftliklarni birma-bir koʻrib chiqamiz:
Ŏŏ – Ğğ harflari qulay, hozirgi yozma holatga juda yaqin. Zamonaviy moslamalar, xususan, android dasturli qurilmalar klaviaturasida mavjud.
Ōō – Ḡḡ harflari hozirgi yozma shaklga yaqin, lekin Ḡḡ harfi Yunikod jadvalining quyi qismida joylashgani uchun juda oz shrift tarkibiga kiritilgan. Bu hol matbaa ishida koʻp muammolarni yuzaga keltiradi. Smartfon va planshetlarning klaviaturasida esa Ḡḡ harfi umuman yoʻq.
Ôô – Ĝĝ juftligida, ayniqsa, Ôô harfi beoʻxshov koʻrinadi.
Ǒǒ – Ǧǧ harflarining oʻtkir, keskin belgilari “koʻzga qadaladi”, eng yomoni, ular zamonaviy qurilmalarning klaviaturasida va kompyuterdagi koʻp shriftlar tarkibida yoʻq.
Óó – Ǵǵ zanjiridagi harflar yaqin qardoshlarimiz boʻlgan qozoq va qoraqalpoq xalqlari alifbosi tarkibidan ham oʻrin olgan. Ammo Ǵǵ harfining zamonaviy qurilmalar, jumladan, koʻpchilik yurtdoshlarimiz foydalanadigan android dasturli smartfon va planshetlarning virtual klaviaturasida yoʻqligi, shuningdek, kompyuterdagi koʻp shriftlar tarkibidan joy olmagani kishini oʻylantiradi. Eng asosiysi, bu harflar ustidagi qiya chiziqcha harfning tarkibiy qismidan koʻra koʻproq urgʻu belgisini eslatib koʻzni chalgʻitishi, matnni mitti chiziqchalarga toʻldirib yuborishi, qolaversa, teskari urgʻuli harflar bilan adashtirish xavfining mavjudligi (Ózbekiston – Òzbekiston) bu harflarga boʻlgan qiziqishimizni susaytiradi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, ilk juftlik (Ŏŏ – Ğğ) – eng optimal, qulay variant.
Demak, Çç – Şş ning ost qismiga va Ğğ – Ŏŏ ning ustiga qoʻyiladigan juft belgi yordamida kerakli toʻrtta harfga ega boʻlamiz. Bu hol yozuvda oʻziga xos muvozanatni, oʻzaro muvofiqlikni taʼminlaydi.
Konferensiya ishtirokchilari ushbu toʻrt harf (Çç Şş Ŏŏ Ğğ) ni bir ovozdan maʼqullab, mavjud variantlar ichida eng maqbuli deb tan oldilar va bu harflarni milliy alifboga kiritish fikrini yakdil qoʻllab-quvvatladilar.
ng tovushi
ng tovushi, boshqa tovushlarga qiyoslaganda, alohida xususiyatga ega: u hech qachon soʻz boshida kelmaydi. Bu tovushga arab alifbosida ham, kirill-oʻzbek alifbosida ham, amaldagi lotin alifbosida ham yaxlit harf ajratilmagan. 1993 yilda qabul qilingan lotin-oʻzbek alifbosida bu tovush ilk bor Ññ harfi bilan ifodalandi-yu, 1995 yilda yana undan voz kechildi. Sababi, Ññ harfini idrok etishda koʻpchilik chalgʻidi. Yaʼni, kirill imlosiga koʻra qaysi soʻzda N va G harflari yonma-yon kelgan boʻlsa, yoppasiga Ññ harfi bilan yozila boshlandi. Masalan: taña, añur. Aslida, bu soʻzlardagi N va G harflari bir-biriga aloqasiz, alohida tovushlarni ifodalaydi: tanga, angur. Yoki N tovushi bilan tugagan soʻzga – ga qoʻshimchasi qoʻshilsa ham, ñ emas, ng yozilishi kerak: menga, jonga, vatanga. Ñ va NG oʻrtasidagi bunday oʻziga xos nozik, biroz eʼtibortalab chegarani ilgʻamaslik oqibatida xatolar avj oldi.
Ikkinchidan, ng birikmasi yaxlit harfga aylanadigan boʻlsa, xuddi Öö Üü Íí harflari misolida koʻrganimizdek, kirill va hozirgi alifboda chop etilgan son-sanoqsiz kitoblarni yangi alifbomizga oʻgirish chogʻida koʻplab chalkashliklar yuzaga keladi – elektron dasturlar ӈ (ŋ) tovushiga qoʻshib, bir-biriga aloqasiz, ammo yondosh kelgan barcha N+G harflarini birvarakayiga bitta harfga oʻzgartirib yuboradi. Tilimizda ӈ (ŋ) tovushi va yonma-yon keladigan N+G harflari juda koʻp uchragani uchun ularni topib, qiyoslab toʻgʻrilash – muharriru musahhihlarga katta zahmat yuklaydi.
Konferensiyada, hech qachon soʻz boshida kelmaydigan, boshqa tovushlarga qaraganda cheklangan bu tovushni alifbodan tashqarida fonetik birikma sifatida oʻrgansak boʻlmaydimi, degan mulohaza oʻrtaga tashlandi va koʻpchilik tomonidan maʼqullandi. Ammo, anjumanda va undan keyin bildirilgan fikr-mulohazalarda, mayli, bu tovush yaxlit harf emas, ng birikmasi orqali ifodalansin, lekin u tovush sifatida alifbo sirasida tursin, farzandlarimiz murgʻak chogʻidan bu milliy tovushimizni alohida fonetik hodisa sifatida tanisin – harfiy birikma shaklida boʻlsa ham “Alifbe”dan boshlab oʻrgansin, yoʻqsa, ng ni idrok etish asta-sekin muammoga aylanadi, axir, shu paytgacha alifbomizdan joy olgan bu harfiy birikma – Ch, Sh harfiy birikmalaridan farqli oʻlaroq – bizga hech qanday malollik tugʻdirayotgani yoʻq-ku, toki ng hamon yozuvimizda aks etar ekan, alifbodagi oʻz joyini saqlab qolishi shart, degan fikru dalillar keltirildi. Ushbu qarash egalari dunyodagi eng nufuzli tillardan biri boʻlgan ispan tili alifbosida ham bor-yoʻgʻi bitta digraf – Ch borligini aytib, bu hol ispan tilli xalqlar tomonidan tabiiy qabul qilinishi va alifbo nufuziga hech qanaqa salbiy taʼsiri yoʻqligini bildirishdi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, ng tovushi hech qachon soʻz boshida kelmaydi, demak, unga Ngdeb bosh harf belgilashimizga sira hojat, ehtiyoj yoʻq. Bu harfiy birikmani alifboda faqat kichik harflar bilan ifodalasak, mantiqan toʻgʻri boʻladi.
Ss harfi
Yana bir muammoli, bahs manbai boʻlayotgan belgi – Ss harfidir.
Bu belgini yoqlovchi va rad etuvchi ikki zid qutb bor. Yoqlovchilar bu belgi alifbomizda boʻlmagani bilan maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijtimoiy hayotimizda baribir ishtirok etyapti, masalan, avtomashina raqamlarida, test savollarida, turli formulalarda Ss belgisidan foydalanyapmiz, shuning uchun bu belgiga biror tovushni yuklashimiz kerak, deyishadi.
Rad etuvchilar Ss belgisini alifbomizga umuman kiritmasligimiz kerak, sababi bu belgi turli xalqlarda turlicha tovushlar (s, k, j, ch) ni ifodalaydi, shu sababli unga qaysi tovushni yuklamaylik, xalqaro atamalarni oʻqishda chalkashliklar yuzaga keladi, qolaversa, xorijliklar oʻzbekcha soʻzlar, ayniqsa, ism va joy nomlarini oʻqishda chalgʻiydi, deyishadi.
Ss ni yoqlovchilarning oʻzi ham ikki guruhga boʻlinadi. Birinchi guruh, bu belgidan kirill alifbomizdagi Ss tovushini ifodalash uchun foydalanishimiz kerak, desa, ikkinchi guruh Ss orqali qardosh turkiy xalqlar singari Jj tovushini (joʻja, jajji) ifodalaylik, deydi.
Ss – barcha turkiy tillar singari oʻzbek tili uchun ham begona tovush. Shu bois hanuzgacha bu tovushni aytishga oddiy odamlarimizning tili kelishmaydi, xalqimizning aksariyat qismi Ssni oddiy Ss tarzida talaffuz qiladi. Oʻz vaqtida Abdulla Qahhorday atoqli adibimiz ham bu tovushning milliy alifbomizga kirishini mutlaqo yoqlamagan.
Konferensiyada Çç Şş Ŏŏ Ğğ harflari yakdillik bilan qabul qilingan boʻlsa, Ss harfi biroz munozaraga sabab boʻldi. Oxir-oqibat, mutaxassislarning muayyan fikr almashuvidan soʻng, mabodo bu belgini alifboga kiritadigan boʻlsak, unda oʻzimizning Jj tovushimizni aks ettiraylik, shunda tilimizdagi yana bir tovushning ifodasi qardosh turkiy xalqlar alifbosi bilan uygʻunlashadi; Jj (joʻja) tovushi ayni paytda foydalanilmayotgan Ss belgisiga biriktirilsa, boʻsh qolayotgan Jj belgisidan sirgʻaluvchi Jj (jurnal, ajdar)ni ifodalashda foydalansak boʻladi; talaffuz jihatidan yaqin tovushlar – J (C) va Ch (Ç) ni aks ettiruvchi harflar ham shaklan uygʻunlashadi, degan xulosa maʼqullandi.
Konferensiyadan keyingi aks-sadolarda esa, Ss belgisi atrofida hamjihatlik, umumtoʻxtam yoʻqligi, bitta bahsli belgi tufayli hamyurtlarimiz turli zid qutblarga boʻlinayotgani yaqqol namoyon boʻldi. Qolaversa, Jj tovushi Markaziy Osiyodagi qardosh xalqlar (qozoq, turkman, qoraqalpoq) alifbosida ham Jj harfi bilan ifodalanishi; Ss tovushining esa tilimizga xos emasligidan kelib chiqib (turk, ozarbayjon, turkman, qozoq, qrim-tatar, tatar kabi turkiy xalqlarning lotin alifbosida ham bu tovush yoʻq), Ss belgisini alifboga kiritmaslik maʼqul topildi.
Shunday qilib, konferensiyagacha, konferensiya davomida va konferensiyadan soʻng bildirilgan, oʻzaro fikrlashuv chigʻirigʻidan oʻtgan maqbul xulosalar asosida oʻzbek milliy alifbosining yakuniy loyihasi shakllandi. Ushbu loyihada konferensiyada taqdim etilgan uchta alifbo loyihasidagi maʼqul va uygʻun jihatlar, alifbo islohotiga befarq boʻlmagan yurtdoshlarimizning asosli tavsiyalari umumlashtirildi.
Shu oʻrinda konferensiyada taʼkidlangan bir fikrni esga olish joiz deb oʻylaymiz: dunyodagi birorta alifboni mukammal deb boʻlmaydi, har qanday alifbo muayyan kamchiliklarga ega, lekin, eng muhimi, milliy alifbomiz tilimizning asosiy talab va mezonlariga javob berishi, yozish va oʻqishga qulay boʻlishi, xalqimizni maʼnan birlashtirishi shart. Ishchi guruh aʼzolari, mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari asosida shakllangan mazkur alifbo loyihasi, oʻylaymizki, ana shu muhim talablarga javob beradi.
Fursatdan foydalanib, Lotin yozuvi asosidagi oʻzbek alifbosini isloh qilish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan, bu borada Ishchi guruhga yaqindan yordam bergan koʻp sonli mutaxassislarga, jonkuyar yurtdoshlarimizga, shuningdek, ishimizni xolis kuzatib, yoritib borgan barcha ommaviy axborot vositalari vakillariga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.
Xulosa sifatida, umumiy mehnatimiz mahsuli boʻlgan – 28 ta harf, bitta harfiy birikma va bitta belgidan iborat, jami 30 birlikdan tashkil topgan alifbo loyihasini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Ushbu alifbodagi yangilanayotgan toʻrt harf bizni shu paytgacha qiynab kelayotgan muammolardan xalos etadi. Ŏŏ Ğğ harflari Oʻoʻ Gʻgʻ harflarining ayni paytdagi yozma shakliga yaqin boʻlgani bois va Çç Şş harflari xalqimizga yaxshi tanish boʻlgani uchun yoshu qari tomonidan tez oʻzlashadi – hech kimga qiyinchilik, noqulaylik tugʻdirmaydi.
Alifbo loyihasi rasman qabul qilingandan soʻng bu harflar kompyuter klaviaturasidagi qulay tugmalarga joylashtiriladi. Masalan, Çç harfini oʻzbek tilida ishlatilmaydigan – Ss harfi oʻrniga,Şş harfini – Ww harfi tugmachasiga, Ŏŏ va Ğğ harflarini esa birorta lotin harfi yo tinish belgisi band qilmagan, kirilcha X, ʼ harflari turgan tugmachalarga biriktirish mumkin.
Alifboni amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq boshqa barcha masalalar hukumatimiz tomonidan rasman tasdiqlangan hujjat – “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish boʻyicha Harakatlar rejasi”ga muvofiq izchil ravishda amalga oshiriladi.
P/S: Ishchi guruh tomonidan taklif qilinayotgan reja faqat loyiha sifatida taklif etilmoqda. U rasman kuchga kirishi uchun avval qonuniy tartibda koʻrib chiqiladi, ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilinishi lozim. Yuqoridagi mulohazalar faqatgina Ishchi guruh loyihasi sifatida taqdim etilmoqda.