Jarqoʻrgʻonlik yigitni Koreyaga joʻnatmoqchi boʻlgan Margʻilonlik firibgar

Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi Gulhovuz mahallasida yashovchi Boyboʻri Ishonov 2016 yil Koreya davlatida ishlashga borish uchun hujjat topshirib, tegishli imtihondan oʻta olmaydi.
Internet tarmogʻi orqali buni bilib olgan Fargʻona viloyati Margʻilon shahridagi Miltiqsoz mahallasida yashovchi Valijon Firibjonov (ism-shariflar oʻzgartirildi) B.Ishonov bilan telefon orqali bogʻlanadi va oʻzini tanishtirib, Tashqi ishlar migratsiyasida ishlashini aytadi. Gap orasida Koreyaga joʻnatishga yordam berishini quyuq vaʼda qiladi. Xorijda mehnat qilishga orzumand yigitning ishonchini qozonish uchun uning fuqarolik pasportini ham olib, 6 ming AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib ketadi.
Chet elda mehnat qilish uchun yaxshigina “haq” toʻlab, fuqarolik pasportisiz qolgan oʻgʻlining ikki yildan buyon Koreya davlatiga joʻnab keta olmayotganidan xunob boʻlgan onasi ushbu masalada yordam soʻrab, ichki ishlar idorasiga murojaat etadi.
Alqissa, telefon orqali Boyboʻri bilan tanishib, unga vaʼdani quyuq qilgan “uddaburon” V.Firibjonov 2017 yil oktyabr oyida boshqa firibgarlik jinoyatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, “b” bandi bilan sudlanib, Qashqadaryo viloyatidagi jazoni ijro etish muassalaridan birida tegishli jazoni oʻtayotgan ekan.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA