– Bizning qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biri boʻlgan Buxoro shahriga safarimiz taassurotlarga boy va maroqli boʻldi.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlari keyingi yillarda jadal rivojlanib bormoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining oʻzaro muloqotlari chogʻida erishilgan kelishuvlar muhim rol oʻynamoqda.
Siyosiy, diplomatik, huquqiy sohadagi, madaniy-gumanitar aloqalarni har tomonlama rivojlantirish ikki tomon uchun ham manfaatli. Bunda parlamentlararo muloqot birlamchi omil boʻlmogʻi darkor. Shu maʼnoda, Davlat dumasi va Oʻzbekiston parlamenti, ulardagi qoʻmitalar hamda tuzilmalar oʻrtasida yaqin munosabatlar qaror topishidan manfaatdormiz. Bu koʻplab muammolar, ekologiya masalalarida hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish imkonini beradi. Bizning tashrifimiz ham parlamentlararo muloqotlar rivojiga xizmat qiladi.
Mamlakatlarimizning taʼlim sohasidagi hamkorligida yangi sahifa ochildi. Toshkentda Rossiyadagi qator oliy oʻquv yurtlarining filiallari tashkil etilib, ular respublikangiz uchun zarur boʻlgan mutaxassis kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirishga munosib hissa qoʻshmoqda.
Bugun iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni har tomonlama izchil yoʻlga qoʻyish zarurligini hayotning oʻzi tasdiqlamoqda. Rossiyaning qator mintaqalari Oʻzbekiston viloyatlari bilan, jumladan, Vladimir shahri Buxoro shahri bilan shu yoʻnalishlarda birodarlik rishtalarini bogʻlagani bizni quvontirmoqda. Bu aloqalarni shaharlar, qolaversa, tumanlar kesimida ham yoʻlga qoʻyish lozim.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganini taʼkidlashni istardim. Bunda kichik biznesning oʻrni bor. Birgina Buxoro viloyatida hunarmandlik faol rivojlanayotganini koʻrdik. Hunarmandlik markazlari va ustaxonalarda yoshlar kattalar yonida turib, tajriba oʻrganayotganiga guvoh boʻldik. Ular ertaga usta boʻlib shakllanib, ota-bobolari ishini davom ettiradi. Xususiy sektorda band aholi farovon yashaydi, yangi ish oʻrinlari koʻpayadi. Qolaversa, hunarmandlik mahsulotlari, ipak gilamlar, zargarlik mahsulotlari va boshqalar shahringizga kelayotgan sayyohlarni qiziqtiradi.
Buxoro turizm salohiyati bilan ajralib turadi, shunga yarasha xizmat koʻrsatish ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Birgina misol, delegatsiyamiz qoʻnim topgan “Aziya Buxara” mehmonxonasida xizmat sifati Yevropa darajasida. Anʼanaviy oʻzbek taomlari, gastronomiya masalasiga havas qildik.
Men rossiyalik sayyohlarga Yevropa va boshqa mintaqalardan koʻra Oʻzbekistonga, uning qadimiy shaharlariga safar qilishni tavsiya qilgan boʻlardim. Negaki, bu yerda turistlarni qiziqtiradigan barcha narsa bor. Xavfsizlik, toʻkinlik, mehmondoʻstlik, tarixiy obidalar va hokazo.
Buxoro haqidagi taassurotlarimiz juda hayratli. Turli millat vakillari ahil yashayotgani, konfessiyalararo hamjihatlik, bagʻrikenglikka guvoh boʻldik. Shahar koʻchalarida yoshlar, katta yoshli kishilar biz bilan salomlashdi, birgalikda suratga tushishga taklif qilishdi. Rus tilida bemalol muloqot qilishganini aytmaysizmi? Yana shahar koʻchalarining toza-ozodaligi bizning eʼtiborimizni tortdi.
Buxoro tarixiy-meʼmoriy obidalarga boy goʻzal shahar. Biz shaharning yangi qismida amalga oshirilayotgan ishlarni ham koʻrdik. Xullas, Buxoro ayni paytda zamonaviy, bunyodkorlik koʻlami keng shahar ekan.
Oʻzbekiston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori. Bizning strategik sherigimiz boʻlgan Oʻzbekiston xalqingiz ishonchini qozongan qatʼiyatli va kuchli yetakchi Shavkat Mirziyoyev rahbarligida har jihatdan rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʻrin oladi, albatta. Yangi bosqichga koʻtarilayotgan hamkorligimiz ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.