Yollanma ishchilarning mehnat muhofazasi taʼminlanadi

Moliya vazirligida tashkil etilgan matbuot anjumanida Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktabrdagi qarori bilan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha maʼlumot berildi.

Amaldagi qonunchilikka asosan xususiy tadbirkorlar chakana savdo, maishiy xizmat koʻrsatish va boshqa turdagi jami 81 faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishlari, bu jarayonda bir nafardan uch nafargacha xodimni yollab ishlatishlari mumkin. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanganda bir nafar, maishiy xizmat koʻrsatish faoliyatilari bilan shugʻullanganda uch nafargacha, faoliyatning boshqa turlari bidan shugʻullanganda ikki nafargacha xodimni yollab ishlatishiga ruxsat etilgan.

Lekin, oʻrganishlar natijalari shuni koʻrsatdiki, birinchidan, qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari hajmining kattaligi va vaznining ogʻirligi sababli, xususiy tadbirkorlar ushbu mahsulotlarni trasport vositalariga yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qoʻriqlash va sotishni ruxsat etilgan bir nafar yollanma ishchi bilan bajara olmayotganliklari sababli qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimlarni yollab norasmiy ishlatishga majbur boʻlmoqda.

Ikkinchidan, alyumeniy (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlarni tayyorlash yirik uskunalardan foydalanilgan hoda, sanoat usulida amalga oshirilishi shuningdek, xom-ashyo materiallari va tayyor mahsulotlarni ortish, tashish, tushirish va oʻrnatish uchun koʻp ishchi kuchi talab etilishi sababli xodimlarni norasmiy yollab ishlatishga toʻgʻri kelmoqda.

Shu kabi holatlar avtomobillarni yuvish faoliyati boʻyicha ham kuzatilmoqda. Natijada, norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligi taʼminlanmasdan, mehnat stajlari yuritilmasligiga hamda kelgusida asoslangan pensiya toʻlovi kafolatlanmasdan qolishiga sabab boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonuniga binoan yuk ortish va tushirish ishlari ogʻir va xavfli ishlar toifasiga kiritilgan boʻlib, ish jarayonida bir xodimning doimiy koʻtaradigan yuk ogʻirligi 15 kilogrammdan va ish smenasi davomida jami koʻtaradigan yuk ogʻirligi 870 kilogrammdan ortiq boʻlmasligi lozim. Lekin sement (1 qopi 50 kg), shifer, va yogʻoch mahsulotlari sotishda (1 nafar ishchi bilan) mazkur normalarga amal qilib boʻlmaydi.

Yuqoridagi sabablarga koʻra, xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlarini qayta koʻrib chiqish ehtiyoji yuzaga keldi. Qarordagi shu kabi 17 faoliyat turlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi va 2 faoliyat turi faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Bu esa yuridik shaxs maqomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulayliklar yaratish bilan birga, xodimlarning mehnat muhofazasi taʼminlanib, belgilangan tartibda bandlik darajasining oshishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan soliq konsepsiyasiga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq va toʻlovlar boʻyicha bir qator yengilliklar joriy etilmoqda.

Xususan, Ish haqi fondidan sugʻurta badali toʻlovi bekor qilindi. Yagona ijtimoiy toʻlov miqdori 25 foizdan (kichik korxonalar uchun 15 foiz) 12 foizga tushirildi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkada 12 foiz qilib belgilandi. Davlat maqsadli jamgʻarmalarga tovar aylanmadan olinadigan 3,2 foizlik ajratma bekor qilinishi belgilandi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA