Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy boshchiligidagi delegatsiya 2 noyabr kuni Buxoroga keldi.
Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi federal majlisi deputatlaridan iborat mehmonlarni Buxoro xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev, Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev va jamoatchilik vakillari kutib oldi.
Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari vakillari oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro ishonch va manfaatdorlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim asos boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Mehmonlarga Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida soʻzlab berildi.
Vladimir Jirinovskiy Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Milliy oʻzlikni asrash, ilm-fan va innovatsiya sohasini rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar oʻz samaralarini berayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muloqotda parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish barcha sohada izchil yutuqlarga erishish, mamlakatlarimizning manfaatli aloqalarini yanada taraqqiy ettirish imkonini berishi taʼkidlandi.
– Oʻzbekiston va Rossiya iqtisodiyot, turizm, taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirishda ulkan imkoniyatlarga ega, – dedi V.Jirinovskiy. – Buning uchun oʻzaro muloqotlarni kengaytirish, tadbirkorlik faoliyati yoʻlida zarur sharoitlarni yaratish kerak. Bu boradagi maqsadlarga erishishda turli vazirlik va idoralar, xususan, parlamentlararo hamkorlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish kerak.
2500 yillik tarixga ega Buxoro zaminida yashayotgan turli millat va elat vakillarining doʻstligi madaniy va maʼnaviy anʼanalarga asoslangan, Markaziy Osiyo xalqlari qadimiy merosidan ruhiy quvvat olgan.
Kunning ikkinchi yarmida Rossiya delegatsiyasi Buxoroda bunyod etilgan madaniy meros obyektlari, diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.
Mehmonlar Buxoro yahudiylari sinagogasida boʻlib, yurtimizda barcha din va millat vakillari uchun yaratilgan erkinlik va sharoitlar bilan tanishdi.
Buxoroning tarixiy qismdagi meʼmoriy obidalar, milliy hunarmandlik maktablari faoliyati delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi.
Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA