Yevropa parlamentining Iveta Grigule-Peterse boshchiligidagi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Moʻgʻuliston bilan aloqa boʻyicha delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Delegatsiya aʼzolari 31-oktyabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rahbariyati va talabalar bilan uchrashdi.
Mehmonlar dastlab sanoatning yuqori tarmoqlari boʻlgan avtomobilsozlik, qurilish arxitekturasi va axborot texnologiyalari, aviakosmik muhandisligi sohalarida kadrlar tayyorlash jarayoni, taʼlim sifati, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Yevropa parlamenti vakillariga mamlakatimizda taʼlim tizimini isloh qilish, sohaga ilgʻor yondashuv va umumeʼtirof etilgan meʼyorlarni joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab berildi.
Oʻz navbatida, delegatlar soʻnggi ikki yil mobaynida Oʻzbekistonda barcha jabhada boʻlgani kabi ijtimoiy sohada roʻyobga chiqarilayotgan islohotlar ijobiy natijalarini berayotganini qayd etdi. Yoshlarni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish yoʻlida yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.
– Turin politexnika universiteti misolida Oʻzbekistonda fan-taʼlim tizimida kechayotgan jadal rivojlanish jarayoniga guvoh boʻldik, – dedi Yevropa parlamenti aʼzosi Yoaxim Seller (Germaniya). – Professor-oʻqituvchilarning Italiya, Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda malaka oshirib qaytayotgani iqtisodiyotning real sektorlari uchun malakali kadrlar tayyorlashda xalqaro tajribani oʻzlashtirish imkonini beradi.
Shu kuni Yevropa parlamenti aʼzolari Hazrati Imom majmuasida boʻlib, bu yerdagi tarixiy-maʼnaviy obidalar bilan tanishdi. Yurtimizda madaniy merosni asrab-avaylash, uni targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.