Terrorizmga qarshi kurash – chegara bilmas hamkorlik

Toshkentda 31-oktyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi tomonidan “Terrorizmga qarshi kurash – chegara bilmas hamkorlik“ mavzusida oltinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilindi.

Unda SHHTga aʼzo, kuzatuvchi hamda muloqot boʻyicha sherik mamlakatlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda SHHT Bosh kotibi R.Alimov, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari V.Voronkov, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari D.Ahatov, YEXHTning Terrorizmga qarshi kurash boʻlinmasi rahbari A.Avakov, Xalqaro qizil xoj qoʻmitasi vitse-prezidenti K.Karbonye qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, dunyoning turli mintaqalarida xalqaro terrorchilik tashkilotlari harakati kuchayib borayotgan bir paytda SHHT makonida terrorizmga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarni yanada kuchaytirish zarur. Mintaqada tinchlikni mustahkamlash, terrorizm, separatizm, ekstremizm xavfining oldini olish, yoshlarning yot gʻoyalar taʼsiriga tushishiga yoʻl qoʻymaslik kabi maqsadlarga erishishda SHHTga aʼzo davlatlarning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi doirasidagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu konferensiya esa bu boradagi qarashlarni umumlashtirish, oʻzaro fikr almashishda qulay muloqot maydoni boʻlib xizmat qilmoqda.

Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi oʻz faoliyati davomida dunyoda xavfsizlikni mustahkamlash, tinchlikni saqlashga qaratilgan samarali natijalarga erishib kelmoqda. Tuzilma terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm, qurol-yarogʻ va narkotiklarning noqonuniy savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.

Tashkilot 2017-yilgi faoliyati davomida qator terroristik aktlarning oldini olishga muvaffaq boʻldi, 50 dan ortiq terroristik guruhlar faoliyatiga chek qoʻyildi. Shuningdek, xalqaro qidiruvda boʻlgan 150 terrorchi qoʻlga olindi.

Internet tarmogʻidan gʻarazli maqsadlarda foydalanishni aniqlash hamda unga chek qoʻyish boʻyicha ham tuzilma samarali ish olib bormoqda. Jumladan, oʻtgan yili qoʻporuvchilik va buzgʻunchilik gʻoyalari aks etgan 500 mingdan ziyod materialni oʻzida jamlagan 80 ming, terroristik va taqiqlangan diniy tashkilotlarning 360 sayti faoliyati toʻsib qoʻyildi. Ushbu internet manbalarini yuritayotgan 122 kishiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

4.JPG

9.JPG
Bugungi kunda tuzilma faoliyatida integratsiya jarayoni jadallik bilan kechmoqda. Xususan, SHHT aʼzoligiga kirgan Hindiston va Pokiston davlatlari aksilterror tuzilmasi ishida faol ishtirok eta boshladi. Bu, oʻz navbatida, SHHTning xavfsizlik va barqarorlikka erishish boʻyicha imkoniyatlarini yanada oshirmoqda.

Konferensiyaning xavfsizlikka raxna solishi mumkin boʻlgan yangi xavf-xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish masalalariga bagʻishlangan shoʻba majlisida terrorizmga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik, zamonaviy tahdidlarni oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ekstremizm, qoʻporuvchilik va terroristik faoliyatga chek qoʻyish xalqaro huquq meʼyorlariga amal qilishni talab etadi. Navbatdagi shoʻba majlislari ayni shu masalalarga bagʻishlandi. Unda terrorizm va mavjud boshqa tahdidlarga qarshi kurashishda qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti, jumladan, xalqaro insonparvarlik tamoyillariga ogʻishmay amal qilish zarurligi qayd etildi.

Konferensiya 1-noyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi. Tadbirda ishtirokchilar SHHT makonida tinchlik va barqarorlikka erishish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, uning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish imkoniga ega boʻladi.

 

U.Shonazarov, A.Abdullayev (surat), OʻzA