Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil 18-aprel kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 476-son Qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunining 26-moddasi 2-qismiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilgan edi.
Unga koʻra, harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmatda boʻlish yosh chegaralari quyidagicha etib belgilandi:
Shartnoma boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan oddiy askarlar, serjantlar va kichik ofitserlar uchun (leytenant, katta leytenant, kapitan) — 45 yosh (eski tahrirda kichik ofitserlar uchun 43 yosh etib belgilangan edi);
Katta ofitserlar uchun (mayor, podpolkovnik) — 50 yosh (eski tahrirda katta ofitserlar uchun 45 yosh etib belgilangan edi), polkovniklar uchun — 55 yosh (eski tahrirda polkovniklar uchun 50 yosh etib belgilangan);
General harbiy unvonidagi oliy toifali ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar uchun — 60 yosh (eski tahrirda general-mayor, general-leytenantlar uchun – 55 yosh, general-polkovniklar uchun – 60 yosh etib belgilangan).
Ushbu Qonunga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar 2018-yil 18-apreldagi Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach amalga kiritilishi belgilangan edi.
2018-yilning 19-oktyabr kunidan boshlab mazkur Qonun respublikamizda amalda kuchga kirdi.