Mariya Zaxarova bilan uchrashuv

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Axborot va matbuot departamenti rahbari Mariya Zaxarova boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Mehmonlar 26-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti pedagogik jamoasi va talabalari bilan uchrashdi.

Muloqotda Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilgani, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqinda mamlakatimizga davlat tashriflari oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlagani taʼkidlandi.

Davlatlarimiz oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalar ham kengayib bormoqda. Rossiya Prezidentining tashrifi arafasida ilk bor Oʻzbekiston – Rossiya media-forumi va Taʼlim forumi oʻtkazilgani fikrimiz tasdigʻidir. “Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar” mavzusidagi Taʼlim forumida ilm-fan sohalaridagi hamkorlik, jumladan, mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari filiallarini ochish toʻgʻrisida 100 dan ortiq kelishuv imzolandi.

Mariya Zaxarova talabalar bilan mintaqadagi integratsiyalashuv jarayoni, xalqaro tashkilot va tuzilmalar faoliyati, Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, xalqaro siyosat yuzasidan suhbatlashdi.

– Prezident Vladimir Putinning Oʻzbekistonga tashrifi davomida imzolangan hujjatlar salmogʻi jihatidan oʻzaro munosabatlarni yangi sifat bosqichiga koʻtardi, – dedi Mariya Zaxarova. – Bu hamkorlik yosh kadrlar tayyorlash yoʻnalishida ham faol rivojlanishiga shubha yoʻq.

Delegatsiya aʼzolari universitet faoliyati, talabalarga oʻqish va amaliyot uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

3.JPG

7.JPG
9.JPG
20.JPG
15.JPG

 

Malohat Husanova, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA