Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash boʻyicha cheklovlar olib tashlandi

Bugun, 25-oktyabr kuni Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan “Haj va Umra safari toʻgʻrisida” brifing boʻlib oʻtdi.

Brifingda kuz mavsumidagi Umra ziyoratining dastlabki reysi joriy yilning 28-oktyabr kuni amalga oshirilishi eʼlon qilindi.

Endi yurtimiz fuqarolarining muqaddas ziyoratga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish maqsadida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash boʻyicha (kvota) cheklovlar olib tashlandi.

Qolaversa, avvallari uzoq navbat kutib Umra ziyoratiga borgan fuqarolar 13 650 000 soʻm miqdorida pul toʻlagan hamda ularga Makka va Madina shaharlarida yaratilgan shart-sharoitlar bugungi kunda taklif etilayotgan xizmat turidan ancha past va qimmat boʻlgan.

Jamoatchilik kengashi tomonidan Umra safariga bormoqchi boʻlgan har-bir fuqaro uchun toʻlanadigan mablagʻ qiymati 5 804 000 soʻm (borish-kelish aviachiptasidan tashqari)miqdorda arzon boʻlishiga erishildi. Mazkur mablagʻga Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi, Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona, oʻzbek oshpazlari tomonidan tayyorlanadigan taomlar, 24 soatlik bepul tibbiy xizmat, mamlakatimiz ramzlari tushurilgan maxsus libos, ibodat qoʻllanmasi, beyjik, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan. (Toshkent – Jidda – Toshkent aviachiptasi narxi 5 096 000 soʻm)

Shu bilan birga, hozirgi kunda Umra safariga borish istagida boʻlgan fuqarolarimizning koʻp yillik navbatini bartaraf etish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish hamda turli xorijiy yoʻllar (avfsizlik kafolatlanmagan tur firmalar) orqali mamlakatdan chiqib ketishlarini oldini olish maqsadida Umra mavsumini yil davomida tashkil etish boʻyicha Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.

OʻzA