2021 yilgacha 100 foiz abonent elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Yoʻl xaritasi”tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, 2018-2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va isteʼmolini nazorat qilishni takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Yoʻl xaritasiga asosan:
• qiymati 2,6 milliard AQSH dollari boʻlgan umumiy quvvati 1 984 MVt ga teng 7 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi;
• yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr boʻlgan yangi elektr tarmoqlari quriladi va mavjudlari rekonstruksiya qilinadi, 2 500 ta transformator punktlari oʻrnatiladi va modernizatsiya qilinadi;
• Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga 7 million isteʼmolchi ulanadi, 2021 yil yakuniga qadar ushbu tizimga ulanish qamrovi abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkaziladi.
“Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablagʻlarining 100 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan qismi past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltiriladi.

 

OʻzA