Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tashabbusi bilan yana bir Nobel mukofoti laureati AQSHning Shimoliy Karolina universiteti professori, kimyo boʻyicha 2015-yilgi Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarning yurtimizga tashrifi tashkil etildi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida vazir Inom Majidov kimyo boʻyicha Nobel mukofoti laureati, Shimoliy Karolina universiteti professori janob Aziz Sanjar bilan uchrashdi.
Olimning yurtimizga tashrifi Oʻzbekiston yoshlarining ilmiy tadqiqot ishlariga qiziqishini orttirish, ularning oʻz oldiga aniq maqsadlar qoʻyib, tanlagan sohasida ijobiy yutuqlarga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻz navbatida janob Aziz Sanjar Oʻzbekistonda oʻzini Ona-Vatanidagidek his qilayotganini, oʻziga berilgan Nobel mukofoti butun turkiy xalqlar mukofoti deb hisoblashini alohida taʼkidladi. Shuningdek, taniqli olim oʻzbek allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasini eʼtirof etar ekan, ilm-fan taraqqiyoti fundamental tadqiqotlar bilan uzviy bogʻliqligini qayd etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuoti xabariga koʻra, Nobel mukofoti laureati 15-22-oktyabr kunlari yurtimizda boʻladi va “Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman, kimyo yoʻnalishida tahsil oluvchi bakalavr va magistrlar uchun onlayn maʼruza hamda Oʻzbekiston milliy universitetida molekulyar biologiya laboratoriyasining ochilish marosimi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun: Aziz Sanjar asli turkiyalik boʻlib, 1971-yildan buyon AQSHda faoliyat yuritadi. AQSHning Yel, Texas va Shimoliy Karolina kabi nufuzli universitetlarida ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullangan. U 2015-yili Tomas Lindal va Pol Modrichlar bilan birgalikda DNKni tiklash mexanizmlarini tadqiq etgani uchun kimyo boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan edi.
OʻzA