Ishonchli hamkorlik samaralari

“Italiya – Oʻzbekiston” qoʻshma savdo palatasi prezidenti Luiji Iperti boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatida boʻldi.

Sirdaryo viloyati hokimligida oʻtgan uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimiz, jumladan, Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, investor va tadbirkorlarga yaratilgan sharoit hamda imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Sirdaryo viloyatida 1000 dan ziyod sanoat korxonasi, 8 ming kichik biznes subyekti, shuningdek, xorijiy investitsiya ishtirokidagi 100 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda sirdaryolik tadbirkorlar Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Turkiya va boshqa davlatlar ishbilarmonlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Viloyatda elektr energiyasi, toʻqimachilik, shuningdek, paxta, bugʻdoy, dukkakli don, poliz, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash borasida katta imkoniyatlar mavjud. Bundan tashqari, yengil sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ham yetarlicha xomashyo bazasi borligi taʼkidlandi.

“Italiya – Oʻzbekiston” qoʻshma savdo palatasi prezidenti Luiji Iperti viloyatda xorijlik investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlarga yuqori baho berdi. Mehmon Italiya kompaniyalari vakillarining Sirdaryoga tashrifidan koʻzlangan maqsad viloyatga ushbu mamlakat investitsiyalarini jalb qilish, savdo va iqtisodiy sohalarda hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyishdan iborat ekanini taʼkidladi.

Sirdaryoda Italiyaning “Humanitas” universiteti klinikasi filialini tashkil etish rejalashtirilgan. “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida tibbiyot uskunalari va inventarlari hamda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.

Italiyalik mehmonlar Guliston shahrida yangidan barpo etilgan “Oltin vodiy” xususiy davolash markazi va Sirdaryo EIZ faoliyati bilan tanishdi.

 

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), OʻzA