Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Matbuot va axborot agentligi hamda bir qator vazirlik, tashkilotlar bilan birgalikda “Infolib Uzbekistan – 2018“ VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari S.Shukurov, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov va boshqalar Prezidentimizning kitobxonlikni keng targʻib etishga oid qarorlari matbaa mahsulotlari, ayniqsa, kitob nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida yangi imkoniyatlarni ochib berayotganini taʼkidladi.
“Infolib Uzbekistan –2018” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi bu boradagi ishlar bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Haftalik yurtimizdagi axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirish boʻyicha fikr almashish maydonchasi hisoblanadi.
Uning asosiy maqsadi – axborot madaniyatini yuksaltirish, milliy madaniy merosimizni asrash, yoshlarning mutolaaga boʻlgan qiziqishini oshirish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga internet orqali xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirishdan iboratdir. Shu bilan birga mazkur haftalik kutubxonalar faoliyatiga oid yangi zamonaviy texnologiyalar bilan oʻquvchilarni kengroq tanishtirish, aholining turli qatlamlariga xizmat koʻrsatishni tashkil etishda kutubxonalarning ijtimoiy-madaniy rolini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Haftalik doirasida “Kitob va kitobxonlik – inson maʼnaviyati koʻzgusi” mavzusida respublika seminari, “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi – 2018” tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtadi. Shuningdek, AQSH Kongress kutubxonasi bilan birgalikda kutubxona fondlarini raqamlashtirish va saqlash sohasida tajriba almashish maqsadida videokonferensiya, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining bibliografik bilimini oshirish boʻyicha “Bibliograf maktabi”ning nazariy va amaliy mashgʻulotlari, “Katalogizator maktabi” – Axborot-kutubxona resurslarini kataloglashtirish oʻquv treningi oʻtkazilishi ham koʻzda tutilgan.
EBSCO Information Service – xorijiy elektron bazasidan faol foydalangan foydalanuvchilarni taqdirlash marosimi, “Koʻhna Turon 100 yoshda” Toshkent viloyati “Turon” axborot-kutubxona markazining 100 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbiri, “Nazm va navo“ kechasi turli yoshdagi kitobxonlar uchun moʻljallangan boʻlsa, “eIFL“ – ochiq xorijiy elektron bazalardan foydalanish boʻyicha seminar ilmiy-maʼrifiy jamoatchilik uchun, “Moddiy-madaniy meros obyektlarining oʻzaro integratsiyasi” mavzusida davra suhbati muzey, arxiv, kutubxona sohasi mutaxassislari uchun gʻoyat qiziqarli boʻlishiga shubha yoʻq.
Tadbir doirasida turli ijodiy uchrashuvlar, taqdimotlar, kitoblar koʻrgazmasi, intellektual viktorinalar boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.
Maʼrifiy haftalik “Betgerxonlik – 2018. Milliy kutubxona va axborot-kutubxona markazlari birlashuvi – axborot-kutubxona sohasi rivojiga qoʻyilgan muhim qadam” mavzusidagi anjuman bilan boshlandi.
N.Usmonova, OʻzA