Shayx Ahmad Muhammad Toyyib 11 oktyabr kuni Hazrati imom masjid majmuasida juma namozini oʻqib, ushbu majmuani ziyorat qildi

Avvalroq, Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Toyyib Oʻzbekistonga kelgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida boʻlgani haqida xabar bergan edik.

Shayx Ahmad Muhammad Toyyib Oʻzbekistondagi orttirgan taassurotlari haqida shunday deydi: “Men Oʻzbekistonga bundan bir necha yil oldin kelgan edim. Hozir, oʻsha safarimni xotirlab, joriy ziyoratim bilan solishtirsam, har jihatdan ijobiy fikr va taassurotlarga ega boʻlmoqdaman. Oʻshanda buyuk Buxoriyning qabrini ziyorat qilish baxtiga muyassar boʻlganman.

Mana, bu safar katta delegatsiya bilan Oʻzbekistonga keldik. Bu tashrifdan nafaqat men, balki barcha hamrohlarim mamnun. Oldingi safarim bilan solishtirganimda, bugungi kunda Oʻzbekistonda oʻzgarishlar juda katta ekanini koʻrdim. Ayniqsa, tekis va ravon koʻchalar, yoʻl boʻyi va shahar atrofidagi obodlik, yangi barpo etilgan va qurilayotgan binolar kishi koʻnglini shod etadi. Bu yerda meni eʼtiborimni tortgan bir jihat – odamlarning koʻtarinki kayfiyati, ularning hayotdan mamnunligi boʻldi.

Men bu yurt haqida qachon eslasam, koʻz oʻngimda Imom Buxoriy, Imom Zamaxshariy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Ibn Sino gavdalanadi. Men ularni oʻzimning bobolarim deb bilaman, nafaqat men, balki har bir musulmon odam ularni mening bobom, desa kerak. Bilasizmi, men Oʻzbekistonda oʻzimni begona yurtdagidek his etmayapman, nega desangiz, yana oʻsha gapim: men bobolarim yurtidaman. Ularga boʻlgan hurmatim shu darajada baland-ki, ularning nomlari Al-Azhar universitetida bugun ham jarang sochib turishiga jon jahdim bilan harakat qilaman, asarlarini talabalarga oʻqitamiz, ularning boy ilmiy meʼroslarini talabalarimizga oʻrgatmoqdamiz.

Mening Oʻzbekistonga qilgan safarim sermazmun va esda qolarli oʻtmoqda. Chunki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashdim. Qolaversa, Bosh vazir hamda Oliy Majlis Senati raisi bilan ham muloqot qildim. Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ijobiy kelishuvlarimiz meni juda xursand qildi. Oʻylaymanki, bundan keyin aloqalarimiz yangi bosqichga chiqadi va yaqin kelajakda oʻzining ijobiy samarasini beradi“.

Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Toyyibning Oʻzbekistonga safari yakuniga yetdi. U bugun, 13 oktyabr kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent“ xalqaro aeroportidan yoʻlga chiqdi.

Maʼlumotlarga qaraganda uning navbatdagi manzili – Italiya poytaxti Rim.

 

OʻzA