Sharqiy Xitoyning Jiaotong universiteti prorektori Fan Yong rahbarligidagi delegatsiya oʻzaro manfaatlarni ifodalovchi tadqiqot, taʼlim va madaniyat aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish maqsadida Toshkent temir yoʻl muhandislari institutiga keldi.
Delegatsiya zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan oʻquv auditoriyalari, ilmiy laboratoriyalar, institut muzeyi, talabalar turar joylari bilan tanishdi.
Shuningdek, delegatsiya tarkibidagi malakali professor-oʻqituvchilar tomonidan mahorat darslari ham tashkil etildi.
Ikki taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
— Taʼlim dargohlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik koʻplab yoʻnalishlarni qamrab oladi, — deydi Jiaotong universiteti prorektori, professor Fan Yong. — Ushbu memorandum talaba va oʻqituvchilarning malakasini oshirishga qaratilgan boʻlib, kelgusida ushbu yoʻnalishni yanada rivojlantiramiz. Har yili oʻrtacha 60 nafar talabani almashlab oʻqitishni ham rejalashtirganmiz.
Taʼkidlash kerak, memorandumga asosan hamkorlik oʻzaro manfaatli sohalarda oʻqitish va tadqiqotlar bilan bogʻliq axborot almashishda hamkorlik qilish, talabalar va aspirantlar oʻrtasida muloqotni faol rivojlantirish, kurslar, almashuvlar va boshqa dasturlarni tayyorlashda ishtirok etish, birgalikda tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqituvchilarni muloqot, hamkorlik orqali oʻqitish va oʻqitish darajasini oshirish uchun oʻqituvchilar oʻrtasida axborot almashinuvini amalga oshirish, xalqaro akademik konferensiyalarda va seminarlarda ishtirok etish kabi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi.
— Jiaotong universitetida tayyorlanayotgan 60 taʼlim yoʻnalishining aksariyati temir yoʻl tizimiga yoʻnaltirilgani bizni ayniqsa, qiziqtirdi, — deydi Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti rektori Maʼrufjon Rasulov. — Shu sababli kelgusida professor oʻqituvchilar va talabalarning almashinuvini yoʻlga qoʻyamiz. Oʻylaymanki, hamkorligimiz natijasini yaqin yillarda koʻramiz.
Memorandum imzolash marosimidan soʻng mehmonlar talabalar shaharchasida oʻtkazilayotgan “Mehrjon” bayramida ham ishtirok etdi.