Oʻzbekistondagi konferensiya Ispaniya nashrlarida

Joriy yilning 27-28 sentyabr kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan “Oilani mustahkamlash va oʻsib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda oʻzini oʻzi boshqarish organlarining roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya haqida Ispaniyaning “DIARIO ARBAT” gazetasining internetdagi sahifasida maqola eʼlon qilindi.
“Toshkent Ispaniya ishtirokidagi xalqaro anjumanni qutlaydi” sarlavhada chop etilgan maqola quyidagicha:
“27-28 sentyabr kunlari Toshkentda “Oilani mustahkamlash va yangi avlodni voyaga yetkazishda mahalliy hokimiyat organlarining roli” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari va Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva raisligida oʻtkazildi. Unda Markaziy Osiyo mintaqasi va Yevropaning koʻplab mamlakatlari, turli xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi, BMT vakillari shular jumlasidandir.
Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston, Armaniston, Hindiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Misr va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Yevropa delegatlari orasida eng koʻp sonli delegatsiya aʼzolari bilan tashrif buyurgan Ispaniya ishtirokini alohida taʼkidlash zarur. Xususan, Madriddagi San-Pablo universiteti professori Antonio Alonso Markos, Yevro Osiyoning Ispaniya-Rossiya observatoriyasi prezidenti Fernando Moragon va Yevro Osiyoning Ispaniya-Rossiya observatoriyasi ijrochi direktori Mariya Grunik shular jumlasidandir.
Anjumanda fuqarolik jamiyatini birlashtirishdagi murakkab vazifalarni hal etish, oddiy fuqaro va mamlakat, shahar, tumandagi davlat va xususiy muassasalar oʻrtasida yuzaga keladigan muammolar boʻyicha fikr almashildi.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari Oʻzbekiston fuqarolik jamiyatining oʻziga xos instituti boʻlmish bir necha mahallalarga tashrif buyurdilar. Asrlar davomida mahalla Oʻzbekistonda madaniyat oʻchogʻi, fuqarolarni oʻz-oʻzini boshqarishning samarali organi, xalqqa eng yaqin fuqarolik jamiyatining noyob tuzilmasi boʻlib kelgan. Avloddan avlodga oʻtib kelayotgan milliy qadriyatlar, madaniyat, xalq turmush tarzi, fikrlashi, maʼnaviyatini asrab-avaylashda mahalla institutining roli va ahamiyati hamisha yuksak boʻlgan. Mahalla, shuningdek, migrantlarning oʻz anʼanalari va tilini yoʻqotmagan holda oʻzbek jamiyatiga integratsiyalashuviga ham samarali taʼsir koʻrsatadi.
Anjumaning barcha ishtirokchilari yuksak darajada tashkil etilgan tadbir va mehmondoʻstlikni alohida qayd etdilar”.
Eslatib oʻtamiz ushbu konferensiyada Ispaniyaning Madrid shahridagi San-Pablo universiteti professori Antonio Alonso Markos: ayrim davlatlarda bugungi kunda individualizm gʻoyat kuchayib bormoqda. Oilalar ahvolidan, yoshlar tarbiyasidan mahallalarning doimiy boxabarligi, masʼulligi, qoʻshnilar oʻrtasidagi qadrdon va samimiy munosabatlar gʻoyat hayratlanarli va ibrat olsa arziydigan qadriyatlardir, deya taʼkidlab oʻtgan edi.
Saodat Boymirzayeva,
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari
faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha 
respublika kengashi boʻlim boshligʻi