Oʻzbekistondagi jamoat transportlarida avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi joriy etiladi

Uzcard “BPC Group” xalqaro xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda ABT (account based ticketing) texnologiyalari asosida “STS”- “Smart Ticketing Solution” dasturiy-taʼminot majmuini ishlab chiqdi. 
Bu haqda kompaniya matbuot xizmati maʼlum qildi. Xabarda taʼkidlanishicha, ABT – foydalanuvchining shaxsiy hisob raqamiga asoslangan, jamoat transportida amalga oshiriladigan zamonaviy toʻlov tizimi hisoblanadi. Tizim orqali amalga oshirilgan barcha toʻlovlar esa, markaziy serverda saqlanadi. Tizimning avzalliklaridan biri, unda zamonaviy bank kartalari (Uzcard, VISA, Mastercard, UPI, MIR) orqali toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatining yaratilganidir.
“Mutaxassislarimiz tomonidan kontaktsiz toʻlovlar sohasida yaratilgan qulayliklarni inobatga olib, tranzaksiyalarni amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash va transport kompaniyalari tizimida benuqson tizimni joriy etish bilan birga, ushbu tizimni avtomatlashtirish ishida inson omillariga bogʻliqlikni minimallashtirishga alohida eʼtibor berildi”, deyiladi xabarda.
BPS kompaniyasi raqamli va innovatsion ishlanmalar bozorida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanib, dunyoning 70 dan ortiq mamlakatida oʻz hamkorlariga ega. Shuningdek, kompaniya jamoat transportida toʻlovlarni amalga oshirish sohasida avtomatlashtirilgan ishlanmalarni joriy etishda koʻp yillik tajribaga ega. Sberbank hamkorligi doirasida Markaziy Transport Platformasiga ulangan hamda amalga oshirilgan loyihalar roʻyxatiga Rossiya Federatsiyasining 20 dan ortiq shahari ham kiritilgan.

 

OʻzA