Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegatsiyasi 29-sentabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizda vijdon erkinligi har jihatdan ta’minlangan. Jumladan, Konstitutsiyamizda har bir insonning o‘zi xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni turli konfessiya vakillari o‘z diniy amallarini emin-erkin ado etishlarining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Delegatsiya a’zolari tashrifni poytaxtimizdagi Svyato-Troitskiy Nikolskiy ayollar monastirini ziyorat qilishdan boshladi. Xristian diniga e’tiqod qiluvchi yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar misolida O‘zbekistonda bag‘rikenglik, diniy va millatlararo totuvlikni ta’minlashga doir insonparvar siyosat, jamiyatdagi barqarorlikka guvoh bo‘ldi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Musulmonlar idorasi rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, Musulmonlar idorasi raisi, muftiy U.Alimov Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar haqida so‘zlab berdi. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilayotgani sof islom ma’rifatini tadqiq qilish, ekstremizm va diniy mutaassiblikka qarshi kurashish yo‘lida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

– Ushbu zaminda azaldan ko‘plab millat va elatlar tinch-totuv, o‘zaro ahil-inoq yashab kelgan, – dedi Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill. – Bugun ham O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikning yuksak an’analari qaror topgan. Barcha din vakillari davlat tomonidan teng qo‘llab-quvvatlanayotgani, xususan, xristianlar uchun erkin e’tiqodiy muhit yaratilgani buning yorqin ifodasidir.

Uchrashuvda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Delegatsiya a’zolari tashrif davomida Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham bo‘ladi. Toshkent yeparxiyasining 145-yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida tashkil etiladigan tantanali tadbirda ishtirok etadi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA