Madaniy meros – Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi muloqot koʻprigi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi arafasida Parij shahrida “Madaniy meros – Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi muloqot koʻprigi” media-iventi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, YUNЕSKO, mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan media-iventda Oʻzbekistonning madaniy meroslari haqida maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev, mamlakatimizning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi S.Rustamboyev, YUNЕSKO Bosh direktori oʻrinbosari Ernesto Renato Ottone Ramires, Oʻzbekistonning YUNЕSKOdagi doimiy vakili U. Shodiyev va boshqalar Oʻzbekiston-Fransiya oʻrtasidagi aloqalar yangi bosqichda rivojlanayotgani, bunda madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar muhim oʻrin tutishini qayd etdi.

2.JPG

3.JPG
19.JPG

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, madaniy-maʼrifiy sohalarda samarali xalqaro hamkorlik qilish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida hujjatli film namoyish etildi. Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining “Oʻzbekiston madaniy merosi mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi muloqotga yoʻl” loyihasi doirasida chop etilgan turkum kitoblar namoyish qilindi.

Tadbir doirasida mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasida rasmiy qabul marosimi boʻlib oʻtdi. Unda oʻzaro madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida soʻz borar ekan, ikki davlat rasmiy va akademik doiralari vakillari Oʻzbekiston va Fransiyaga tegishli noyob hujjatlarni birgalikda tadqiq qilish va natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga eʼtibor qaratdi.

20.JPG

22.JPG
8.JPG

“Madaniy meros – Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi muloqot koʻprigi” mavzusidagi ilmiy seminarda ikki mamlakat taniqli olimlari oʻzaro hamkorlikni yanada mazmunan boyitish, yangi loyihalar ustida ishlash, ilmiy-maʼrifiy almashinuvni faollashtirish istiqbollarini muhokama qildi.

Tadbir doirasida YUNЕSKOga “Oʻzbekiston madaniy merosi mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi muloqotga yoʻl” loyihasi doirasida nashr etilgan turkum kitoblardan namunalar topshirildi.

Abu Bakr Oʻrozov,
OʻzA muxbiri.
Parij shahri

 

Aʼlo Abdullayev (surat), OʻzA