FUTBOL: “Nasaf” “oʻziga kelyapti”, “Lokomotiv” esa oʻrnini hech kimga bermoqchi emas

Uzoq yillardan beri kuchlilar safida yurgan, sovrinlar sohibi boʻlgan, lekin bu mavsumda oʻrtamiyonalar orasida “jon saqlayotgan” “Nasaf” sal boʻlmasa bosh murabbiysiz qolardi.
Mamlakat milliy chempionati Pepsi superligasining 25-turi doirasidagi uchta oʻyini oʻtkazildi. Kuchli oltilikdan joy olgan “Buxoro” va “Lokomotiv” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvda mezbonlar harchand urinishmasin, amaldagi chempion qarshiligiga dosh bera olmadi. Uchrashuv boshidayoq ketma-ket kiritilgan ikkita gol maydon egalarini sarosimaga solib qoʻydi. Bundan foydalangan poytaxtliklar oʻyin tempini oxirigacha ushlay oldi. Orada mezbonlar hisobni qisqartirishga ham erishdi, lekin bundan ortigʻiga ularning kuchlari yetmadi. Hisobni ochib bergan Temirxoʻja Abduxoliqov oʻyin yakunlarida yana bir golga mualliflik qilib, jamoadoshlarini ishonchli gʻalaba bilan taʼminladi.
32cf185b-18df-4ef6-955c-a15ffaf49fe3.jpg
Quyi oltilikdagi ikkita oʻyin ham qiziqarli kechdi. “Soʻgʻdiyona” oʻz maydonida “Neftchi”ga imkon qoldirmadi. Jamoaning litvalik legioneri, klubga ikkinchi davrada Isroilning “Xapoel” jamoasidan kelib qoʻshilgan 34 yoshli Sernas Darvidas uchrashuv boshidayoq raqib darvozasi yonida bir-ikki xavfli vaziyatlar sodir etdi, koʻp oʻtmay navbatdagi imkoniyatdan foydalana oldi va oʻzining Oʻzbekistondagi ilk golini kiritdi. Navbatdagi gollarga esa Shohruz Norxonov va Oybek Nurmatov mualliflik qilishdi. Shu tariqa jizzaxliklar autsayderlik “lavozimini” “Neftchi”ga “topshirib”, bir pogʻona yuqoriga koʻtarilishga erishdi.
e74a36e1-9c2c-458a-962f-32483a79c7c4.jpg
“Nasaf” kuchlilar qatoriga “sigʻmay” qolgani yetmagandek, quyi jamoalar orasida ham “orom” ololmayotgandi. Avvaliga Qoʻqonda ochko yoʻqotdi, keyin Fargʻonada yutqazib qoʻya qoldi. Bu kabi salbiy natijalar nomdor jamoa muxlislarini ranjitayotganligi, ularning safini keskin kamaytirib yuborishga sabab boʻlayotganligi bor gap edi. Gap-soʻzlarga qaraganda, jamoa mabodo bugun oʻz maydonida raqibiga yana ochko boy beradigan boʻlsa bosh murabbiy Roʻziqul Berdiyev taqdiri hal boʻlishi kutilayotgandi. Ammo ustoz kabi shogirdlar ham bunga yoʻl qoʻyishmadi. “Oʻrtamiyonalar” karvonboshisiga qarshi kechgan oʻyinda Bobur Abduxoliqov oʻzini koʻrsatdi – ikki bor raqiblar darvozasini nishonga olib, jamoadoshlari joniga oro kirdi. Orada jamoaning bir paytlardagi yulduzi Artur Gevorkyan sobiq jamoadoshlarining uch goliga bir goli bilan javob qaytardi ham, lekin ortigʻiga vaqt ham, kuch ham yetmadi. Shu tariqa “Nasaf” turnir jadvalida ikkinchi pogʻonaga koʻtarilib, “Qizilqum”ga yaqinlashib oldi. Biroq ularning bugungi joyi ham “omonat”, sababi bugun AGMK jamoasi Qoʻqonda oʻynaydi, mabodo gʻalaba qozonadigan boʻlsa yana oʻz joyiga chiqib oladi, “Nasaf” esa yana pasayadi…
25-tur. 2-oktabr.
Yuqori oltilik
 
“BUXORO” – “LOKOMOTIV” – 1:3
Gollar: Temurxoʻja Abduxoliqov (8, 68), Sanjar Shoahmedov (19) – Salamat Qutiboyev (39).
Quyi oltilik
 
“NASAF“ – “QIZILQUM“ – 4:2
Gollar: Maqsud Karimov (29), Bobir Abdixoliqov (35, 80), Bobur Davlatov (54) – Artur Gevorkyan (60), Humoyun Abdualimov (90).
“SOʻGʻDIYONA“ – “NЕFTCHI“ – 3:0
Gollar: Sernas Darvidas (29), Shohruz Norxonov (55), Oybek Nurmatov (89).
Bugun boʻlib oʻtadigan oʻyinlar:
 
18:00 “Qoʻqon-1912“ – AGMK
18:00 “Metallurg“ – “Paxtakor”
20:00 “Bunyodkor“ – “Navbahor”

 

Oybek Yunusov, OʻzA