Turizm – iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan va serdaromad sohalaridan biri. BMT Jahon sayyohlik tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, mazkur soha xizmatlarini koʻrsatishdan tushadigan daromad 1,5 trillion AQSH dollarini tashkil etmoqda. Dunyo yalpi ichki mahsulotining 10 foizidan koʻprogʻi, jahon eksportining 7 foizdan ziyodi, umumiy bandlik koʻrsatkichining esa 8 foizga yaqini aynan shu soha hissasiga toʻgʻri keladi.
Sayyohlik nafaqat iqtisodiy daromad keltiradi, balki yurtni, xalqni, uning madaniyatini butun dunyoga tanita oladigan muhim vosita hamdir.
Oʻzbekiston – boy maʼnaviy-madaniy merosga, turli-tuman tarixiy-arxeologik obyektlarga, qulay tabiiy-iqlim sharoitiga va koʻp tarmoqli ijtimoiy infratuzilmaga ega mamlakat. Bugungi kunda yurtimizda boy tarixiy, milliy va madaniy oʻtmish, nodir arxeologik topilmalar, paleontologik qoldiqlarini, tarixiy-madaniy yodgorliklar, noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosini oʻzida mujassam etgan jozibador tabiiy maskanlarni qamrab olgan 7 mingdan ortiq sayyohlik manzillari mavjud. Ulardan 140 ga yaqini YUNЕSKO roʻyxatiga kiritilib, alohida muhofazaga olingan.
Qulay tabiiy iqlim, boy tarixiy-madaniy meros, shifobaxsh buloqlar, goʻzal manzaralar, yam-yashil oʻrmonzorlar, mashhur gʻorlar, sharsharalar, noyob tabiat yodgorliklari, moviy koʻllar, qoʻriqxonalar har qanday sayyoh eʼtiborini tortmasdan qolmaydi. Bunday katta salohiyat bilan yurtimizda turizmning ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sogʻlomlashtirish, agrar, sanoat, ishbilarmonlikka oid va boshqa qator turlarini rivojlantirish imkoniyati mavjud. Shu bois mamlakatimizda mazkur sohani yanada taraqqiy ettirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Buning samarasi oʻlaroq, qisqa vaqt ichida yurtimizda sayyohlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari qabul qilindi.
Mazkur hujjatlarga koʻra, sohani taraqqiy ettirish bilan bogʻliq qator yangiliklarga qoʻl urildi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tuzildi. Uning faoliyati, eng avvalo, nazorat va maʼmuriyatchilik vazifalarini amalga oshirishga emas, balki turizmda tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir. Qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, sayyohlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan gʻov va toʻsiqlarni bartaraf etish, xizmatlar bozorida raqobatni rivojlantirish, litsenziyalash, sertifikatlash hamda boshqa ruxsatnomalar berish uning zimmasiga yuklandi.
Shuningdek, turizm sohasidagi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari hamda afzalliklari berildi. Turizm infratuzilmasini takomillashtirish, soha korxonalariga qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar berish boʻyicha ham dolzarb tadbirlar amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, yaqin istiqbolda xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilgan holda, yurtimizning barcha hududida turizm infratuzilmasining zamonaviy obyektlari, eng avvalo, mehmonxonalar, transport-logistika tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlari bunyod etilishi boshlandi.
Sohada meʼyoriy-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekistonga sayohatlarni arzonlashtirish, yurtimizning barcha hududlarida turizmni va soha bilan bogʻliq infratuzilmani rivojlantirish, yangi sayyohlik obyektlari tashkil etish, bir soʻz bilan aytganda, milliy turizm salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan 2018-2019yillarda turizmni rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Bu mamlakatimizning turizm salohiyatini yuksaltirish, sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish, innovatsion gʻoya va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, boy tabiiy, tarixiy-madaniy merosimizning mavjud resurs va imkoniyatlaridan har tomonlama foydalanish hisobiga rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Isroil, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari, shuningdek, yurtimizga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipaji uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanishi muhim yangiliklardan boʻldi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyoning bir qator davlatlari va Yaqin Sharq mamlakatlarining hamda Hindiston, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSH kabi 39 mamlakat fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga turistik vaucherni yoxud Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxsning murojaatnomasini taqdim etishga oid talab bekor qilinishi, hujjatlarni qabul qilish kuni hisobga olinmagan holda ikki ish kuni mobaynida vizani rasmiylashtirishni koʻzda tutadigan turizm vizalarini rasmiylashtirishning 2018 yil 10 fevraldan eʼtiboran soddalashtirilgan tartibi kiritildi.
Joriy yilda Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti tashkil etilishi esa zamonaviy innovatsion, ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qoʻllagan holda, turizm sohasida yuqori malakali professional kadrlarni xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq sifatli tayyorlashga xizmat qiladi.
Albatta, turizm sohasida amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar, yangi tartib-taomil va islohotlar mamlakatimizni tez orada yirik hamda jozibador sayyohlik markazlaridan biriga aylantiradi. Yurtimiz uchun istiqbolli ushbu soha esa, iqtisodiyotimizning yetakchi tarmogʻi darajasiga koʻtarilishi shubhasiz.
Abdurahim Qurbonov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.
OʻzA