Inson huquqlarini himoya qilish yoʻlida

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida BMT Taraqqiyot dasturi va Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining Global alyansi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2017 yil 16 iyundagi Qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasiga asosan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (Ombudsman) Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining Global alyansiga qoʻshilishi masalasi muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, inson huquqlari, erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan islohotlar xalqimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda. Bu boradagi saʼy-harakatlar natijasida inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimida ham tub yangilanishlar roʻy berayotir. Bu institutlarning tashkiliy-huquqiy asoslari, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari tubdan yangilanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida“gi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida“gi qonuni qabul qilindi. Qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq Vakilga inson huquqlari hamda erkinliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlashda yangi vakolatlar berildi.
Xususan, mazkur qonun bilan Ombudsmanning qonun ustuvorligi va adolatni qaror toptirishga oid huquqlari kengaytirildi. Endilikda Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi koʻrib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish, fuqarolar manfaatlarini koʻzlab arizalar hamda daʼvolar bilan sudlarga murojaat qilish, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish kabi huquqlarga ega boʻldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining Global alyansiga qoʻshilishi inson huquqlari, erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi hamda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Tadbirda Ombudsman faoliyatiga doir bir qator masalalar muhokama etildi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA