Fargʻonada Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining filiali tashkil etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 sentabrdagi qarori bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Fargʻona viloyati hokimligining Fargʻona shahrida Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.
Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib respublikaning turizm tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalarni hal qilishga qodir boʻlgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro taʼlim standartlari darajasida tayyorlash, turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish va boshqalar belgilandi.
Filialda oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini eʼtiborga olgan holda Oliy maktab tomonidan tasdiqlangan oʻquv reja va dasturlar boʻyicha koʻproq ingliz tilida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
Mazkur Filialda oltita yoʻnalishda bakalavr va ikkita mutaxassislikda magistrlar tayyorlanib, unga qabul kvotalari Oliy maktabning Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda tayyorlangan asosli takliflari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi.
Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish, kutubxona fondini zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan shakllantirish va toʻldirishga koʻmaklashadi.
Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Oliy maktabning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

 

O’zA