Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5421-son Farmoni ijrosi nega taʼminlanmayapti?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida” 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-son qarori qabul qilingan.
Koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida koʻchmas mulklarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish uchun Toshkent shahri boʻyicha 2 600 dan ortiq arizalar kelib tushgan boʻlib, shundan faqat 79 ta murojaat boʻyicha mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha tuman hokimligining qarori chiqarilgan boʻlsa, 2 500 dan ortiq arizalar ijrosi taʼminlanmasdan qolmoqda. Bektemir, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida shu kunga qadar birorta ham noqonuniy qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga nisbatan tuman hokimligi qarori qabul qilinmagan. Mirzo Ulugʻbek tumanida 16 ta (murojaatlar soni 250 ta), Mirobod tumanida 21 ta (murojaatlar soni 170 ta), Yunusobod tumanida 41 ta (murojaatlar soni 900 ta) va Yashnobod tumanida 1 ta noqonuniy uy-joyga nisbatan (murojaatlar soni 350 ta) mulk huquqi eʼtirof etish haqida hokim qarori qabul qilingan xolos.
Tuman Davlat soliq inspeksiyalari, Ichki ishlar boshqarmalari va boʻlimlari, Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazlari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Toshkent shahar boshqarmasi Vazirlar Mahkamasining 461-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarmasdan kelmoqdalar. Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan mazkur davlat xizmatini koʻrsatishda ishtirok etuvchi vakolatli davlat organlari mutasaddi xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrilishiga, shuningdek MJtKning 2155-moddasiga koʻra, 31 nafar mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilganligiga qaramasdan, yuqorida koʻrsatilgan Farmon va qarorning ijrosi taʼminlanmasdan qolmoqda. Bu esa oʻz navbatida fuqarolarning noroziligiga va yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga, shuningdek davlat organlariga boʻlgan ishonchi pasayib borishiga sabab boʻlmoqda.
Mazkur Qarorning 5-bandida koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalarining ishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish ishlari “respublika — viloyat — tuman (shahar)” uch pogʻonali prinsip boʻyicha amalga oshirilishi, shuningdek 10-bandida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari ushbu qarorda nazarda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob berishlari belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5421-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 461-son Qarori ijrosi mutasaddi tashkilotlar tomonidan tez kunlarda taʼminlanadi va fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qoʻyiladi deb umid qilamiz.
Davlat xizmatlari agentligi 
Toshkent shahar boshqarmasi

 

O’zA