“Raqamli” Markaziy Osiyoni barpo etish va intellektual jamiyat sari!

2018 yil 25 sentyabr kuni Toshkentda “Huawei” kompaniyasining ikkinchi Markaziy Osiyo yillik innovatsiyalar kuni boʻlib oʻtdi. Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda tashkil etilib, “Raqamli Markaziy Osiyo uchun innovatsiyalar“ mavzusiga bagʻishlandi.

Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan 200 dan ortiq soha vakillari bugungi kunda raqamli infratuzilmaning iqtisodiy oʻsishga taʼsiri, oddiy odamlar hayotini yengillashtirish, innovatsion loyihalar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va umumiy muvaffaqiyat ekotizimini yaratish kabi mavzularni muhokama qilish uchun bir joyga toʻplandilar.

Hozirda Markaziy Osiyo sanoatida raqamlash tizimi keskin ortib bormoqda bu esa iqtisodiyotni kun sayin rivojlanib borayotganidan darak. Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi markazi direktori Akmal Burhonov mamlakatimizda sanoatning ayni damdagi holati haqida maʼruza qildi.

“Innovatsion kunning” Oʻzbekistonda oʻtkazilishi oʻz vaqtida boʻldi. Chunki Prezident tomonidan 2019-2021 yillarda mamlakatni innovatsion rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi“ tasdiqlandi. Bosh maqsadga erishishda strategiyaning asosiy vazifalari qatorida Oʻzbekistonning 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish belgilandi”, deya taʼkidladi Akmal Burhonov.

“Huawei“ kompaniyasi Vitse-prezidenti janob Viktor Chjan ham Markaziy Osiyoni raqamlashtirishga oid takliflar va tavsiyalarni oʻz ichiga olgan hisobotni taqdim yetdi. Bu yilgi tadbirga shuningdek, Oʻzbekiston Axborot kommunikasya texnologiyalari vazirligi vakillari, Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qozogʻiston Axborot va kommunikatsiyalar vaziri oʻrinbosari Dinara Sheglova, Tojikiston Aloqa xizmatlari raisining birinchi oʻrinbosari Ilhomjon Atoyevlar ishtirok etdilar. Tadbir doirasida ishtirokchilar navbatdan tashqari davra suhbatida raqamli transformatsiya jarayonida hukumatlarning oʻrni va mavqei haqida fikr almashdilar.

Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Huawei“ va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti birgalikda “Oʻzbekistonda iqtidorli oʻquvchilarni tayyorlash dasturi“ni taqdim etdilar.

Eslatib oʻtamiz, 2013 yildan boshlab “Huawei“ Innovatsiyalar kunlari London, Milan, Myunxen, Parij, Singapur, Sidney, Kuala-Lumpur, Dubay va San-Paulu shaharlarida boʻlib oʻtgan.

 

OʻzA