Notarius boʻlish talablari oʻzgartirildi (Onlayn)

“Notariat toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalarga kiritildi.
Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida senatorlar “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdi.
Jumladan, “Notariat toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq, yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, shu jumladan, notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan, malaka imtihonini topshirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi notarius boʻlishi mumkin.
Sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan oʻtish talab qilinmaydi.
Senatorlar tomonidan mazkur konunning qabul qilinishi tegishli tashkilotlar, ayniqsa, notariat idoralari faoliyatini yanada yaxshilab, faoliyatini kengaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi xususida fikr bildirildi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

A.Musayev, OʻzA