Oʻzbekistonda pensiya taʼminoti tizimi takomillashtirildi

Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan nafaqani toʻlash vaqtinchalik propiskaning yoki yashash uchun ruxsatnomaning yangi sanasidan boshlab davom ettiriladi…
Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Kiritilgan qoʻshimchalarga muvofiq, vaqtinchalik propiskaning yoki yashash uchun ruxsatnomaning amal qilish muddatining tugashi bilan vaqtinchalik propiskaning keyingi sanasi oʻrtasida uzilish mavjud boʻlgan taqdirda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan nafaqani toʻlash vaqtinchalik propiskaning yoki yashash uchun ruxsatnomaning yangi sanasidan boshlab davom ettiriladi. Bunda nafaqani toʻlash nafaqa toʻlash toʻxtatilgan paytdan, biroq oʻn ikki oydan ortiq boʻlmagan paytdan boshlab davom ettiriladi.
Shuningdek, endilikda Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmalari fuqarolarga ish stajini tasdiqlash uchun sudlarga daʼvolar tayyorlashda koʻmaklashadilar.
Mehnat daftarchasidagi sud tartibida soxtalashtirilgan deb topilgan yozuvlar mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davriga kiritilmaydi.
Pensioner xorijiy davlatda boʻlgan va sogʻligi tufayli Oʻzbekistonga kelish imkoniyatiga ega boʻlmagan holatlarda pensioner Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga pensiya toʻlovini tiklash uchun murojaat etishi mumkin.
Endilikda, chet elda yollangan holda ishlovchi fuqaro Pensiya jamgʻarmasiga yiliga eng kam oylik ish haqining toʻrt yarim barobari miqdorida sugʻurta badallari toʻlagan taqdirda uning chet elda ishlagan vaqtiga ish staji hisoblanishi belgilandi (ilgari ish staji hisoblanishi uchun har oyda eng kam oylik ish haqining bir barobaridan kam boʻlmagan miqdorda badal toʻlashi lozim edi).

 

OʻzA