Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi davom etmoqda.
Majlisda maʼruza qilgan Senat raisi N.Yoʻldoshev majlis ishtirokchilariga “Muammolarning yechimi boʻyicha xalq vakili boʻlgan deputat yoki senator tashabbus koʻrsatmasa, masʼul tuzilmalarning yaxshi maʼnoda “tinchini buzib”, bong urmasa, oddiy odamlar nima ham qilishi mumkin?!”, deya murojaat qildi.
Senat raisi koʻp bora qayd etilganiga qaramasdan, ayrim senatorlarning tarmoqlar va hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish borasidagi tashabbuskorligi sezilmayotganini qattiq tanqid qildi.
Aksariyat qoʻmitalar aʼzolari joriy yilda sohalar va hududlarga xos boʻlgan muhim masalalarni Senat qoʻmitasi, Kengashi yoki yalpi majlisi muhokamasiga kiritish boʻyicha tayinli bir taklif bilan chiqmaganini qanday izohlash mumkin?!
Sohalar va hududlardagi dolzarb masalalar yechimini topishda qonun bergan imkoniyat – senatorlik soʻrovidan samarali foydalanilmayapti.
Ayrim qoʻmitalar, ayrim senatorlar joriy yilda oʻzi bevosita vakili hisoblangan hududlardagi dolzarb masalalar yuzasidan masʼul idoralar va tashkilotlarga biror marta ham senator soʻrovi yubormagan. Baʼzi senatorlar esa nafaqat soʻrov, hatto oddiy murojaat bilan ham birorta idoraga chiqmagan.
Vaholanki, tegishli ishchi guruhlar tomonidan olib borilayotgan oʻrganishlarda birgina Xorazm viloyatining uchta tumanida qariyb 11 mingta, Buxoro viloyatining bitta tumanida 9 mingdan ortiq muammo aniqlangan.
Shu paytgacha mamlakatimiz hududiga, shaharlarimizga kiraverish joylaridagi, shuningdek viloyatlararo oʻtish joylaridagi postlardagi tirbandlik, asossiz oʻrnatilgan toʻxtash belgisi va toʻsiqlar birinchi navbatda turistlar, ayni paytda aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan edi.
Senat qoʻmitasi tomonidan kiritilgan birgina soʻrov asosida Ichki ishlar vazirligi tomonidan bu boradagi ahvol zudlik bilan qayta koʻrib chiqildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahrida bu boradagi kamchiliklar toʻliq bartaraf etildi, joylarda esa tegishli ishlar boshlandi.
Senat qoʻmitalarining Prezident farmon va qarorlari bilan tasdiqlangan davlat hamda hududiy dasturlar ijrosi yuzasidan masʼul rahbarlarning axborot yoki hisobotlarini eshitib borish boʻyicha ishlarini ham qoniqarli, deb boʻlmaydi.
Zotan, joriy yilda birorta qoʻmita bunday axborotlarni eshitish natijalari boʻyicha Senat Kengashiga birorta joʻyali taklif va tavsiya bilan murojaat qilmadi.
Shu bois, koʻpincha yalpi majlislarda vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlarini eshitish bilangina cheklanib qolayapmiz.
Maʼruzachi vaholanki, bunday amaliyot qoʻmitalarda yil davomida uzluksiz davom etishi zarurligini alohida qayd etdi.
N.Abduraimova, OʻzA