ONLAYN: bojxonachilar qasamyodi qonuniylashtirilmoqda

Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida Senatorlar qonunlarni muhokama qilmoqda.
Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi.
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan yangi tahrirdagi qonun mamlakatimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlarning uzviy davomi sifatida baholash mumkin.
Qonunda bojxona organlari faoliyatidagi qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari yanada mustahkamlab qoʻyilmoqda. Yangiligi shundaki, rivojlangan davlatlarda innovatsion metod sifatida eʼtirof etilgan va bizda ham amaliyotda joriy qilinayotgan xavfni boshqarish tizimi ushbu loyiha bilan huquqiy asosga ega boʻlmoqda. Yangi normalarga koʻra, bojxona organi xodimi davlat organi vakili hisoblanadi va davlat himoyasi ostida boʻladi.
Qonunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bojxona nazoratida keng qoʻllash, bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish bojxona organlarining asosiy vazifalari sifatida belgilanmoqda.
Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, endilikda yuqori professional mahorat, axloqiy va maʼnaviy sifatlarga ega yoshlarni bojxona organlariga jalb etishga yoʻnaltirilgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishning prinsipial jihatdan yangi tizimi yaratiladi.
Maʼlumki, amaliyotda bojxona xodimlari ham xizmatga kirishar ekan, bojxonachi qasamyodini qabul qilishadi. Endilikda ushbu anʼana mazkur qonun doirasida qonuniylashtirilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

N.Nasriyev,OʻzA