Oʻzbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilgan oʻzgartirishlar Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazildi, deb xabar qiladi vazirlikning “Huquqiy axborot“ kanali.

Endi doimiy propiskaga qoʻyish uchun turar joy, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlaydigan hujjatlar, nikoh tuzilganlik, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar nusxalarini notarial tasdiqlatish shart emas.

Roʻyxatning 5-bandi boʻyicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiskaga kirishda er-xotinning kamida bir yil birgalikda yashayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etish talabi ham bekor qilindi.

Bundan tashqari, oʻzgartirish bilan Roʻyxatning5-bandi boʻyicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilingan shaxs bir yil ichida nikohi bekor qilinsa olingan doimiy propiskani yoʻqotishi belgilandi.

Shuningdek, tashkilot rahbari iltimosnomasi asosida doimiy propiskaga ega boʻlgan shaxs, xuddi shunday iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan boshqa tashkilotga ishga oʻtgan taqdirda, uning propiskasi bekor qilinmaydi.

Buning uchun fuqaro bir oy muddat ichida ish joyidan berilgan maʼlumotni ichki ishlar organlariga (pasport stolga) taqdim etishi lozim.

Propiskaga kirgan shaxslarning oila aʼzolarini propiskaga kiritish tartibi ham aniqlashtirildi.

Xususan, Roʻyxatning 5-bandi asosida (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilinadigan fuqarolarning oldingi nikohidan yoki nikohsiz tugʻilgan farzandlari (oʻz oilasiga ega boʻlmagan) doimiy propiska qilinadi.

Xuddi shunday, Roʻyxatning 9-, 12-bandlari (respublika ahamiyatidagi tashkilotlarga ishga kirgan, saylangan shaxslar) propiska qilingan fuqarolarning ular bilan bir vaqtda doimiy propiskani rasmiylashtirmagan oila aʼzolarini (eri, xotini, shuningdek oʻz oilasi boʻlmagan farzandlari) doimiy propiska qilish, turar joy maydoni mulkdorining roziligi bilan tegishli ravishda amalga oshiriladi.

Roʻyxatning 2-bandi asosida (qarindoshlik asosida) propiska qilingan fuqarolarning qarindoshlari (xotini yoki eri, oʻz oilasiga ega boʻlmagan voyaga yetgan bolalar hamda er-xotinning voyaga yetmagan bolalari bundan mustasno) Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilinmasligi belgilandi.

 

OʻzA