Butunjahon turizm kuni munosabati bilan 27-29 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bir qator madaniy-koʻngilochar tadbirlar oʻtkaziladi.

Viloyat hokimi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilanishicha, 27 sentyabr kuni Samarqand shahridagi barcha madaniy meros obyektlariga kirish bepul amalga oshiriladi. Ruhobod majmuasidagi Hunarmandlar markazida konsert dasturi namoyish etiladi. Shuningdek, shahardagi Islom Karimov koʻchasi, Registon maydoni atrofida va boshqa turistik maskanlarda Samarqand sayyohlik salohiyati boʻyicha taqdimotlar, milliy hunarmandlik mahsulotlari koʻrgazma-savdolari tashkil etiladi.
Shu kuni oqshom Registon maydonida mahalliy aholi va sayyohlar uchun 3D mepping shousi namoyish etiladi.
28 sentyabr kuni Islom Karimov koʻchasida tadbirlar davom etadi va kechga yaqin “Bibixonim” choyxonasida “Mega palov” tadbiriga hozirlik boshlanadi. “Moʻʼtabar zardoʻz” xususiy korxonasi tashabbusi bilan bu yerda 1 tonnalik palov tayyorlash rejalashtirilgan. Buning uchun Fargʻonadan 2 tonnalik ulkan qozon Samarqandga keltirildi. Oshni samarqandlik oshpazlar tayyorlashi koʻzda tutilgan.
29 sentyabr kuni bir tonnalik osh tayyorlash jarayonini xorijlik sayyohlar bevosita kuzatib borishadi.

 

OʻzA