Bugun OFK Ijroqoʻmining yigʻilishi Toshkentdagi “International” mehmonxonasida boʻlib oʻtadi

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse Prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifaning Rossiyadagi Jahon chempionati paytidagi uchrashuvlari chogʻida OFK Ijroqoʻmining navbatdagi yigʻilishini Toshkentda oʻtkazish uchun kelishib olishgan edi.
Shu munosabat bilan 24-25 sentyabr kunlari FIFA hamda OFKning martabali mehmonlari, xususan OFK Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa hamda Bosh kotib Dato Vindsor Jon boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari poytaxtimizga tashrif buyurishgani haqida xabar bergan edik.
Bugun poytaxtimiz oʻzbek futboli tarixida birinchi marotaba bunday tadbirga mezbonlik qilmoqda. OFK Ijroqoʻmining navbatdagi yigʻilishi aynan yurtimizda oʻtkazilishi, OFK hamda OʻFA oʻrtasidagi aloqalar mustahkamligi yoʻlida navbatdagi qadam vazifasini oʻtab berishi shubhasiz.
OFK Ijroqoʻmining yigʻilishi Toshkent shahridagi “International” mehmonxonasida bugun soat 15:00 da boshlanadi, deb yozadi O’FA.

 

O’zA