Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash boʻyicha Parlament komissiyasi va Oliy MajlisQonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi bilan hamkorlikda Oqqoʻrgʻon tumanida davra suhbati oʻtkazildi.

Dala mehnatkashlari uchun tashkil etilgan muloqotda Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnatni tugatish toʻgʻrisida“gi 105-Konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi “2018-yil paxta xomashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”giqarori mazmun-mohiyati xususida fikr yuritildi.

Mamlakatimizda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatining oldini olishga jiddiy kirishilgani, xususan, 2013-yildan buyon bu borada milliy va xalqaro monitoring yoʻlga qoʻyilgani, koʻrilgan amaliy choralar natijasida bolalar mehnatiga toʻliq barham berilgani, majburiy mehnat xavfi esa yildan-yilga kamayib borayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda bolalar mehnatiga chek qoʻyilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etildi. Xususan, 2018-yil 20-sentyabr kuni AQSH Mehnat vazirligi tomonidan eʼlon qilingan bolalar mehnatining eng yomon shakllari toʻgʻrisidagi 2017 yilgi hisobotiga muvofiq, Oʻzbekiston toʻrtinchi oʻrindan ikkinchi oʻringa koʻtarildi. Mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida “qonunchilik bilan tartibga solish, huquqni qoʻllash, saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, hukumat siyosati va ijtimoiy dasturlar bilan bogʻliq ayrim jihatlar boʻyicha salmoqli choralar koʻrgan mamlakatlar“ toifasiga kirdi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatimizning bir yoʻla ikki pogʻona yuqorilagani davlatimiz tomonidan paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanishga chek qoʻyish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilgani bilan bogʻliq. Ushbu vazirlik Xalqaro mehnat tashkiloti, hukumat va mustaqil huquq himoyachilari oʻtkazgan monitoring natijalariga tayanib, bolalarni paxta yigʻim-terimiga tizimli ravishda jalb etishga toʻliq barham berilganini eʼtirof etdi.

Paxta hosilini yigʻib olish jarayonida uchrab turadigan majburiy mehnatni bartaraf etish ham dolzarb masala. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida zikr etilgan joriy yil 30 avgustdagi qarori muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, qarorga muvofiq, paxta xarid narxlarining oʻtgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar oshirilgani, terim pullarining ham sezilarli darajada oshgani, fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, byudjet va davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi qarzlarini toʻlash muddati uch yilga uzaytirilgani fermerlar va dala mehnatkashlarining ishga munosabatini tubdan oʻzgartirdi.

– Mavsumda faollik koʻrsatgan har bir fuqaro ragʻbatlantirib boriladi, – deydi viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi yuriskonsulti F.Nafasov. – Bu borada 80-100 nafar uyushmagan, vaqtincha band boʻlmagan koʻngilli aholini birlashtirib, otryad shaklida terimda qatnashgan faollar munosib ragʻbatlantiriladi. Mavsum qatnashchilarining huquq va manfaatlari toʻliq himoya qilinadi.

Davra suhbatida bu yilgi paxta yigʻim-terim mavsumi ixtiyoriy tarzda amalga oshirilib, koʻngilli aholi bandlikka koʻmaklashish markazlariga murojaat etishi orqali tashkil qilingani qayd etildi. Bu borada koʻngilli terimchilarga transport xizmati, yotoq joy va tushlik bepul berilishi, terilgan paxta uchun kunlik hisob-kitob qilinishi, shuningdek, terimchilar uchun yaratilgan boshqa qulayliklar haqidamaʼlumot berildi.

 

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA